Apple yubiley iPhone’ining eng yuqori modeli uchun kattaroq displeyni sinovdan o‘tkazishni boshladi, deya xabar berdi Digital Chat Station insayderi.
Prototip ekrani diagonali taxminan 6,96 dyuymni tashkil etadi. Qurilma taqdim etilganda kompaniya uni ehtimol 7 dyuymli ekran sifatida taqdim etadi.
Displeyning tomonlar nisbati hozirgi iPhone 17 Pro Max ekraniga mos keladi. Biroq bu ekran yakuniy seriyali qurilmaga o‘rnatiladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. OAV ushbu modelni dastlab iPhone 20 Pro Max deb atamoqda.
Taqqoslash uchun, iPhone 17 Pro Max 6,9 dyuymli displey bilan jihozlangan. Kuzda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 Pro Max modelida esa ekran o‘lchami o‘zgarmasligi prognoz qilinmoqda.
Yubiley iPhone’lar qatori 2027-yil sentabrida, original iPhone taqdim etilganining 20 yilligi munosabati bilan chiqarilishi kutilmoqda.
Apple turli o‘lchamdagi ikkita model ustida ishlamoqda. Ular deyarli romkasiz ekran va to‘rt tomoni bo‘ylab egilgan shisha bilan jihozlanishi mumkin.
Avvalroq Bloomberg jurnalisti Mark Gurman Apple 20 yillik yubiley uchun asosan shishadan tayyorlangan, egilgan korpusli va ekranda hech qanday kesma (notch) bo‘lmagan smartfon ishlab chiqayotganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, qurilma korpusining barcha qirralari bo‘ylab egilgan shishaga ega bo‘ladi.
May oyida Fixed Focus Digital insayderi qurilmada sun’iy intellekt ishlashi vaqtida ajraladigan issiqlik sabab alyuminiy flagman iPhone’lar uchun eng amaliy material bo‘lib qolishini, korpus materialining almashishi esa 2027-yilgacha ehtimoldan yiroq ekanini bildirgan.
Keyinchalik u tekis qirrali modellarda alyuminiy romkalar albatta saqlanib qolishini, biroq bu egilgan iPhone 20 uchun boshqa konstruktiv yechim qo‘llanilishini istisno qilmasligini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Spot Apple kuzda OLED ekranli iPad mini’ni taqdim etishga tayyorlanyotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicham yngilangan iPad mini 2026-yil kuzida, oktabr oyida taqdim etilishi mumkin.