Apple iPad mini planshetining eng yirik yangilanishlaridan birini taqdim etishga tayyorlanmoqda, deya xabar berdi Bloomberg.

Nashrga ko‘ra, J510 kod nomli yangi model ilk bor OLED ekran bilan jihozlanadi. Yangilangan iPad mini 2026-yil kuzida, oktabr oyida taqdim etilishi mumkin.

Manbalar Apple J581 kod nomli asosiy iPad hamda iPad Air’ning yangi versiyalari ustida ham ishlayotganini aytmoqda.

Agentlik yozishicha, tezroq protsessor bilan jihozlangan J581 2027-yilning birinchi choragida chiqarilishi rejalashtirilgan.

J807 va J837 kod nomli yangilangan iPad Air modellari esa 2027-yil bahorida taqdim etilishi mumkin. Apple vakili bu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi.

Bloomberg qayd etishicha, foydalanuvchilar uzoq vaqtdan beri iPad mini yangilanishini kutmoqda. Planshet dizayni 2021-yildan beri o‘zgarmagan, biroq u 2024-yilda yangi chipga ega bo‘lgan edi.

2026-yil iyun oyi oxirida esa Apple xotira chiplari bozoridagi tanqislik sabab ayrim qurilmalari, jumladan MacBook va iPad narxlarini oshirgandi.


Avvalroq Spot Apple shisha korpusli iPhone 20 ishlab chiqarish uchun zavodni tayyorlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kerakli ishlab chiqarish korxonasi allaqachon rekonstruksiya qilingan va detallarni tayyorlashni boshlashga tayyor.