Apple ta’minot zanjiridagi zavodlardan biri shisha korpusli iPhone 20 ishlab chiqarishni boshlashdan oldin modernizatsiya qilingan. Bu haqda Fixed Focus Digital insayderi xabar berdi.

Blogerning ma’lumotlariga ko‘ra, yubiley iPhone modeli uchun eng maqbul dizayn varianti shisha korpusga qaytish bo‘lib qolmoqda. Qurilmaning yig‘ilish sifati esa ilk iPhone Air darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Uning aytishicha, kerakli ishlab chiqarish korxonasi allaqachon rekonstruksiya qilingan va detallarni tayyorlashni boshlashga tayyor.

iPhone uchun himoya oynasini ishlab chiqaruvchi Lens Technology kompaniyasi avvalroq Catcher Technologydan metall ramkalar va shisha orqa panellarni yig‘ish sexlarini o‘z tasarrufiga olgan.

Fixed Focus Digital shu post ostidagi izohida ehtimoliy yetkazib beruvchilarni ham sanab o‘tgan: asosiy yetkazib beruvchi sifatida Biel Crystal, undan keyin BYD va Lens Technologyni tilga olgan.

Uning ta’kidlashicha, gap yangi ishlab chiqarish liniyalarini qurish haqida emas, balki mavjudlarini modernizatsiya qilish haqida ketmoqda.

Chunki avvalgi Pro modellari ham shisha panellar bilan ishlab chiqarilgan, shu sababli mavjud quvvatlarni yangilashning o‘zi kifoya qiladi.

iPhone’larning ommaviy ishlab chiqarilishi odatda taqdimotdan bir necha hafta oldin boshlanadi. Masalan, iPhone 17'ning sinov yig‘ilishi iyun oyida boshlangan, ommaviy ishlab chiqarish esa sentyabrdagi taqdimotdan taxminan bir oy oldin — avgustda yo‘lga qo‘yilgan.

Shu sababli hozirgi ma’lumotlar, ehtimol, ishlab chiqarish liniyalarini qayta jihozlashning dastlabki bosqichiga taalluqli.

Avvalroq Bloomberg jurnalisti Mark Gurman Apple iPhone’ning 20 yilligi munosabati bilan “ekranida hech qanday kesim bo‘lmagan, asosan shishadan yasalgan va barcha qirralari bo‘ylab egilgan smartfon” tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Yubiley modeli 2027-yil sentyabrida taqdim etilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Apple yaqin bir yilda kamida beshta yangi iPhone taqdim etmoqchiligi haqida yozgandi.

Yangi modellarni 2026-yilning ikkinchi yarmi va 2027-yilning birinchi yarmida taqdim etish rejalashtirilgan