Apple yaqin bir yil ichida kamida beshta yangi iPhone modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Nikkei xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, yangi modellarni 2026-yilning ikkinchi yarmi va 2027-yilning birinchi yarmida taqdim etish rejalashtirilgan.

Kompaniya avval kutilganidan ko‘ra ko‘proq turdagi bukiladigan qurilmalarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Apple yetkazib beruvchilarini joriy yilda taxminan 10 mln dona bukiladigan iPhone ishlab chiqarishga tayyorlanish haqida xabardor qilgan. Bu avvalgi rejalarga nisbatan 2−3 mln donaga ko‘p.

Kelgusi bir yil ichida taqdim etiladigan barcha yangi iPhone modellari uchun Apple qariyb 80 mln dona qurilma ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Umuman olganda, kompaniya 2026-yilda, jumladan hali taqdim etiladigan modellarni ham hisobga olgan holda, 220 mln dona iPhone ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.

Nikkei ma’lumotiga ko‘ra, bu strategiya xotira mikrosxemalari taqchilligi va ularning narxi oshib borayotgan sharoitda ishlab chiqarish resurslarini samaraliroq taqsimlashga qaratilgan.

Shuningdek, kompaniya yuqori daromad keltiradigan premium modellarni ustuvorlashtirish va ilk bukiladigan iPhone’ni ishlab chiqarishdagi texnologik xatarlarni kamaytirishni ko‘zlamoqda.


Avvalroq Spot Apple iPad, Mac, uy jihozlari va Vision Pro narxlarini oshirgani haqida yozgandi.

Kompaniya iPhone, Apple Watch va AirPods narxlarini oshirmagan bo‘lsa-da, tez orada boshqa mahsulotlar narxi ham oshirilishi mumkin.