Apple xotira chiplari va saqlash qurilmalari taqchilligi tufayli ortib borayotgan xarajatlarni qoplash maqsadida iPad, Mac, Vision Pro hamda boshqa qurilmalari narxini oshirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Xususan, MacBook Neo narxi $100 ga oshib, $699 ni, 13 dyuymli MacBook Air esa $200 ga oshib, $1299 ni tashkil etdi. 14 dyuymli MacBook Pro $1699 dan $1999 ga, 16 dyuymli model esa $2499 dan $2999 ga qimmatlashdi. 15 dyuymli MacBook Air endi $1299 o‘rniga $1499 turadi.

Shu bilan birga, bazaviy iPad va iPad mini narxi $100 ga oshib, mos ravishda $449 va $599 ni tashkil etdi. 11 dyuymli iPad Pro $200 ga qimmatlab, $1199 ga, 13 dyuymli model esa $200 ga ko‘tarilib, $1499 ga yetdi.

HomePod narxi $299 dan $349 gacha, Apple TV televizion pristavkasi $129 dan $199 gacha oshdi, Vision Pro garniturasi esa endi $3699 dan (avvalgi narxi — $3499) sotilmoqda.

Kompaniya iPhone, Apple Watch va AirPods narxlarini oshirmagan bo‘lsa-da, kelajakda boshqa mahsulotlar narxiga ham tuzatishlar kiritilishi mumkinligiga ishora qildi, deb yozadi Bloomberg.

25-iyun kuni Apple o‘zining bir qator qurilmalari narxini oshirganidan so‘ng, uning aksiyalari 6,2% ga tushib, $274,86 ni tashkil etdi, deya ta’kidlaydi agentlik. Unga ko‘ra, bu 2025-yil 10-apreldan beri kunlik eng katta pasayishdir.

Apple vakilining Bloomberg‘ga ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt markazlarining tez sur’atlar bilan kengayishi xotira va xotiralarga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hech qachon tarkibiy qismlarning bunday sezilarli va tez qimmatlashishiga duch kelmagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, kompaniya shu paytgacha mijozlarni narxlarning oshishidan himoya qilib kelgan, ammo ba’zi mahsulotlar narxini oshirish zarur bo‘lgan nuqtaga yetgan.

18-iyun kuni kompaniya bosh direktori Tim Kuk The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Apple mahsulotlari narxi oshishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“Afsuski, narxlarning oshishi muqarrar”, — dedi u. Bu butlovchi qismlar, jumladan, xotira chiplari va ma’lumotlarni saqlash qurilmalarining o‘sib borayotgan xarajatlarini qoplash uchun zarur, deb tushuntirdi Kuk.


Avvalroq Spot Apple yig‘iladigan iPhone, aqlli ko‘zoynaklar, kamerali AirPods va uy robotini tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Joriy yil oxirigacha yangi Mac’lar, kuchli protsessorli Apple Intelligence’ni qo‘llaydigan iPad, aqlli uy xabi va OLED ekranli iPad mini’ni taqdim etishi kutilmoqda.