Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishda hududdagi yo‘llar, jamoat transporti va ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
2026-yilda viloyatdagi yo‘llarni ta’mirlash uchun 900 mlrd so‘m ajratilgan. Shunga qaramay, 2000 km ichki yo‘l va 266 ta ko‘prik ta’mirga muhtoj.
Prezident yo‘l va ko‘priklarni yangilash hamda ulardan foydalanishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, asosiy sayyohlik yo‘nalishlarini bog‘laydigan muqobil pulli yo‘llar qurish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Buxoroda jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagan. Shu sababli aholining 80 foizi ish, o‘qish va kundalik yumushlarga yengil avtomobilda qatnaydi.
Mas’ullarga viloyatga qo‘shimcha 120 ta avtobus keltirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.
Shuningdek, aeroport va temir yo‘l vokzallari atrofida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi, chunki sayyohlarning Buxoro haqidagi dastlabki taassuroti aynan shu joylardan boshlanadi.
Viloyatdagi 55 ta mahalla aholisi hanuz markazlashgan ichimlik suvidan foydalana olmaydi.
Mas’ullarga ushbu mahallalarga suv yetkazib berishning aniq muddatlarini belgilash topshirildi. Shuningdek, turar joy massivlari qurilishini tezlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirishda yagona yondashuvni qo‘llash zarurligi ham ta’kidlandi. Unga ko‘ra, ekiladigan daraxt turlari Buxoro iqlimi va shaharning tarixiy qiyofasiga mos tanlanishi kerak.
Avvalroq Spot Buxoroga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 7 mln ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.