Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishda hududdagi xomashyo, energiya resurslari va tadbirkorlar salohiyatini birlashtirib, uch yil ichida $28 mlrd lik loyihalarni amalga oshirish mumkinligini aytdi, deya ma’lum qildi prezident matbuot xizmati.

Ushbu loyihalarning $17 mlrd qismi neft-gaz va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodining quvvatlarini oshirish uchun nufuzli texnologik kompaniyalarni jalb qilish topshirildi.

Shuningdek, viloyat korxonalarida hosil bo‘ladigan xomashyoni chuqur qayta ishlash maqsadida Kogon tumanida neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil etish taklif qilindi.

Viloyatda qisqa muddatda umumiy quvvati qariyb 2000 MVt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Kelgusi uch yilda yana 3100 MVt lik shamol elektr stansiyalari va 1000 MVt lik energiya saqlash tizimlarini qurish rejalashtirilgan. Shu davrda 745 km elektr tarmog‘i ham tortiladi.

To‘qimachilik sohasida xalqaro brendlar bilan hamkorlik tajribasidan foydalanib, Buxoroda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarda kengroq targ‘ib qilish kerakligi qayd etildi.

Kelasi yili sohada kamida $1 mlrd lik loyihalarni amalga oshirish va eksportni ikki baravar oshirish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Buxoroda sayyohlik yo‘nalishlarini bog‘laydigan pulli yo‘llar qurish imkoniyati o‘rganilishi haqida xabar berilgandi.