Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida umumiy qiymati $43,1 mlrdlik 166 ta investitsiya shartnomasi imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, 2026-yilda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni 10 409 kishidan oshdi. Toshkentga dunyoning 102 davlatidan 3 802 nafar xorijiy delegat tashrif buyurdi.
Taqqoslash uchun 2022-yilda forumda 1 050 nafar, 2023-yilda 1 142 nafar, 2024-yilda 1 874 nafar, 2025-yilda esa 2 022 nafar xorijlik delegat ishtirok etgan edi.
Forumda real sektor kompaniyalarining 3 145 nafar vakili ishtirok etdi — bu o‘tgan yilgiga nisbatan 1 480 nafarga ko‘p.
Toshkentda BlackRock, JPMorgan Chase, Citibank, Visa, Franklin Templeton, Standard Chartered, London Stock Exchange Group, Bank of China, BP, Masdar, ACWA Power, Airbus, John Deere, Meta, Coca-Cola, DP World, AD Ports Grouphamda boshqa yirik kompaniyalar va moliya institutlari vakillari jamlandi.
Forumda ishtirok etgan kompaniyalar boshqaruvidagi aktivlarning umumiy hajmi qariyb $42 trlnga baholanmoqda.
Tadbirda 76 nafar hukumat vakili ishtirok etdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 26 nafarni tashkil etgan edi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida jami 79 ta tadbir, jumladan, 34 ta panel munozarasi, 8 ta investitsion pitch-sessiya hamda AQSh, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va BAA ishtirokida 7 ta yirik ikki tomonlama biznes-forum o‘tkazildi.
Muhokamalar qayta tiklanuvchi energetika, transport yo‘laklari, raqamli davlat boshqaruvi, sun‘iy intellekt, islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim sohalarni qamrab oldi.
O‘zbekistonning investitsion salohiyati ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, elektrotexnika, IT va boshqa sohalardagi imkoniyatlar namoyish etildi.
Xorijiy investorlar kengashidagi ishtirokchi kompaniyalar soni 54 tadan 85 taga yetdi. Kengash doirasida 21 ta tashabbus ishlab chiqildi va 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Norasmiy muloqot formatlari qatorida o‘tkazilgan TIIF Open tennis turniri va Silk Road Night Run xalqaro tungi marafonida 16 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
2022-yili ilk marotaba tashkil etilgan mazkur forumda jami $7,8 mlrdlik, 2023-yilgi forumda esa $11 mlrdlik 167ta hujjat imzolangandi. 2024-yilda bu $26,6 mlrdni tashkil etdi. 2025-yilga kelib esa 30,5 mldlik bitimlar imzolangan.
Spot, avvalroq, beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkentda gumanoid robotlar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga start berilgani haqida yozgandi.