Toshkentda gumanoid robotlar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga start berildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Marosim beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazildi.

Zavod Yangi Avlod maxsus sanoat zonasida joylashib, u gumanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaradi.

Zavod poydevoriga birinchi g‘ishtni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ilzat Kasimov, poytaxt hokimi Shavkat Umurzaqov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon hamda Robotis kompaniyasi prezidenti Kim Byong Su qo‘ydi.

Vazirlik ushbu strategik loyiha O‘zbekiston sanoatini yuqori texnologiyalar bosqichiga olib chiqishini qayd etdi.

Loyiha doirasida mingdan ortiq yuqori malakali yangi ish o‘rni yaratilishi, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar O‘zbekistonga olib kirilishi kutilmoqda.

“Bu mamlakatimizni Markaziy Osiyoda robototexnika bo‘yicha yetakchi markazga aylantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

2025-yilning dekabr oyida O‘zeltexsanoat uyushmasi va Robotis O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolagan edi. Kelishuv zarur texnologik baza va ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, shuningdek, malakali kadrlar tizimini shakllantirishni nazarda tutadi.

Kompaniya haqida

Avtonom robototexnika sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblangan Koreyaning Robotis kompaniyasiga 1999-yilda asos solingan.

Korxona aktivlari $2,5 mlrdni tashkil etadi, AQSh, Yaponiya va Xitoyda vakolatxonalari mavjud. Kompaniya texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi yirik kompaniyalar foydalanadi.