Poytaxtda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Beer Fest gastronomik festivali bu yil 5−7-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi Taras Shevchenko va Sayyid Baraka ko‘chalarining ayrim qismlarida transport harakatini vaqtincha chekladi.
Festival jamoatchilik orasida turli munosabatlarni keltirib chiqargach, Spot tadbirning maqsadlari, undan ko‘zlangan natijalar va uning shahar hayotidagi o‘rni yuzasidan Toshkent shahar hokimligi vakillari bilan suhbatlashdi.
Hokimlik vakili Beer Fest tijoriy daromad olishdan ko‘ra, zamonaviy festival madaniyatini rivojlantirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash, shahar muhitini faollashtirish hamda Toshkentning xalqaro jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyiha ekanini ta’kidladi.
Mavzuni turli nuqtayi nazarlardan yoritish maqsadida Spot huquqshunos Amirjon Mardonov, urbanist Iskandar Soliyev hamda xalqaro kommunikatsiyalar bo‘yicha ekspert Beruniy Alimovning fikrlarini ham o‘rgandi.
Mutaxassislar ommaviy tadbirlarni tashkil etishning huquqiy jihatlari, festival madaniyatining shahar rivojlanishidagi o‘rni, jamoat makonlaridan foydalanish, shuningdek, xavfsizlik va ishtirokchilar huquqlarini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Toshkent shahar hokimligi vakili.
Toshkent Beer Fest aslida zamonaviy tadbirlar madaniyatini rivojlantirish va turizmni qo‘llab-quvvatlash loyihasi hisoblanadi.
Festival g‘oyasi Toshkent va butun O‘zbekistonning turizm salohiyatini mutlaqo yangi formatdagi ommaviy tadbirlar orqali namoyish etish istagidan kelib chiqqan. So‘nggi yillarda yurtimizga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar oqimi sezilarli darajada ortdi. Bu esa xalqaro standartlarga mos, zamonaviy festival madaniyatini shakllantirish zarurligini ko‘rsatdi. Loyihaning asosiy maqsadi turli madaniyat vakillarini birlashtirish, madaniy almashinuvni kuchaytirish va Toshkentning xalqaro miqyosdagi jozibadorligini oshirishdir.
Tadbir mahalliy aholi, xorijiy sayyohlar va O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan xorijlik mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Tashkilotchilar auditoriyani qatlamlarga ajratmaydi, aksincha, turli qarash va madaniyat egalari bir maydonda erkin muloqot qilishi uchun qulay muhit yaratishga intiladi.
Ushbu loyiha tijoriy daromad olishni ko‘zlamaydi. Uning asosiy vazifasi O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy, jadal rivojlanayotgan davlat ekanini va mamlakatimiz xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish salohiyatiga ega ekanini butun dunyoga ko‘rsatishdir.
Yildan-yilga turistlar, poytaxt mehmonlari va sifatli hordiqni xush ko‘ruvchi fuqarolar orasida festivalga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Buni raqamlar ham yaqqol isbotlamoqda: tadbir o‘z bag‘riga 150 ming nafardan ziyod tashrif buyuruvchi, 20 mingdan ortiq xorijiy sayyoh hamda yuzlab ishtirokchilarni jamladi. Har yili festivalga mana shunday minglab mehmonlar kelishi Toshkentda ommaviy loyihalarga real talab yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Eng katta mas’uliyat — xavfsizlik, logistika, sanitariya me’yorlari va mehmonlar uchun qulay infratuzilmani ta’minlashdir. Yirik festivalda hamkorlar, pudratchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan ishini talab qiladi. Barcha tadbirlar amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi. Xavfsizlik, sanitariya, yong‘in xavfsizligi, jamoat tartibi va yoshga oid cheklovlar bo‘yicha tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qilinadi.
Biz konstruktiv fikr va takliflarni hurmat qilamiz. Har qanday yirik ommaviy tadbir turli munosabatlarni yuzaga keltirishi tabiiy hol. Biroq yana bir eslataman, festivalning asosiy maqsadi nafaqat ko‘ngilochar dasturlarni tashkil etish, balki turizmni rivojlantirish, iqtisodiy faollikni oshirish hamda Toshkentning xalqaro imijini mustahkamlashdan iborat.
So‘nggi yillarda Toshkentda zamonaviy tadbirlar o‘tkazish uchun mos maydonlar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, xalqaro darajadagi festivallar ko‘payib borayotganini inobatga olsak, bunday infratuzilmani yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Shu jarayonda tadbirlarni tashkil etish sifati va xavfsizlik standartlarini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng samarali choralar qatoriga hujjatlarni tekshirish, yosh toifalari bo‘yicha identifikatsiya tizimlari, maxsus bilaguzuklar, savdo nuqtalarida qat’iy nazorat va xodimlarni muntazam o‘qitish kiradi. Ushbu masalaga festival tashkilotchilari alohida e’tibor qaratadi.
Mehmonlarning qoniqishi, xavfsizlik ko‘rsatkichlari, turistlar soni, xalqaro va mahalliy OAVdagi yoritilish darajasi, hamkorlarning fikri hamda shaharga keltirilgan ijtimoiy va iqtisodiy foyda asosiy mezonlar hisoblanadi.
Lokatsiya tanlashda birinchi o‘rinda xavfsizlik, transport qulayligi, infratuzilma imkoniyatlari va mahalliy aholining kundalik hayotiga ta’siri sinchiklab o‘rganiladi. Zarur hollarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda aholini xabardor qilish va noqulayliklarni minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Ko‘pchilik sahnadagi natijani ko‘radi, biroq uning ortida murakkab tayyorgarlik jarayoni mavjud. Logistika, yetkazib berish zanjiri, texnik infratuzilma, ob-havo omillari, xavfsizlik tizimlari va yuzlab ijrochilar ishini muvofiqlashtirish eng katta ichki vazifalar hisoblanadi.

TDYU huquq va texnologiyalar sho‘basi o‘qituvchisi, yurist.
Agar O‘zbekistonda festival o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, jarayon shunday kechadi: avvalo tadbir o‘tkaziladigan maydon bilan kelishasiz. Keyin festival uchun mahalliy hokimiyatdan ruxsat olasiz: bu yerda tadbirning qayerda, qachon va qancha odam ishtirokida o‘tishi ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng xavfsizlik masalasi hal qilinadi.
Tashkilotchi ichki ishlar organlari bilan shartnoma tuzib, tadbir davomida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishishi kerak. Bu hujjatlarsiz festival o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
Bundan tashqari, tadbir maydoni yong‘in xavfsizligi, sanitariya va favqulodda vaziyatlar talablariga ham javob berishi lozim. Ana shu bosqichlardan o‘tilgach, festivalni qonuniy ravishda o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Bu tartiblar 2014-yilda tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari"da belgilangan. Festival va konsertlar shu qoidalar asosida o‘tkaziladi, biroq mitinglar yoki to‘y marosimlari uchun boshqa tartiblar amal qiladi.
Shuningdek, festival o‘tkaziladigan joyni tanlashda uning aholi yashaydigan hududlarga qanchalik yaqinligi ham inobatga olinadi. Chunki, tadbirlar minglab odamlarni bir joyga jamlashi, baland musiqa va boshqa shovqin manbalarini yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli shovqin darajasi sanitariya me’yorlari bilan cheklanadi va tashkilotchilar atrofdagi aholining tinch dam olish huquqini ham hisobga olishlari kerak.
Boshqa tomondan, bunday yirik tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun turli nazorat vositalari qo‘llanadi. Videokuzatuv kameralari, elektron to‘lov tizimlari yoki kirish nazorati jamoat tartibini saqlashga yordam beradi. Biroq bu yerda muhim savol tug‘iladi: xavfsizlikni ta’minlash bilan fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligi o‘rtasidagi muvozanat qanday saqlanadi?
Qonunchilikka ko‘ra, har qanday nazorat chorasi zarur va mutanosib bo‘lishi kerak. Ya’ni, festival ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadi fuqarolarning shaxsiy hayotiga ortiqcha aralashish uchun asos bo‘la olmaydi. Shu bois festival tashkilotchilari nafaqat tadbirni qiziqarli va xavfsiz o‘tkazish, balki ishtirokchilarning huquqlari va manfaatlarini ham himoya qilish mas’uliyatini zimmasiga oladi.
Festival tashkil etishda asosiy vazifa faqat tartib va xavfsizlikni ta’minlash emas. Shu bilan birga, festivalga kelgan odamlarning huquqlari, xususan, shaxsiy hayot daxlsizligini ham hurmat qilish kerak. Zamonaviy festivallar, jumladan Beer Fest ham, aynan mana shu ikki tamoyil: xavfsizlik va erkinlik o‘rtasidagi muvozanatga tayanishi lozim. Tadbir muvaffaqiyati nafaqat tashrif buyuruvchilar soni yoki dastur mazmuni, balki ishtirokchilar o‘zlarini qanchalik xavfsiz va erkin his qilganlari bilan ham o‘lchanadi.
Beer Fest kabi tadbirlarda yana bir muhim masala — alkogol savdosi. Festival hududida pivo yoki boshqa alkogolli ichimliklarni sotish oddiy savdo emas, balki qonun bilan tartibga solinadigan faoliyat hisoblanadi. Shuning uchun savdo qilayotgan tadbirkor tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lishi, mahsulotlarning qonuniy muomalada bo‘lishini ta’minlashi va eng muhimi, 18 yoshga to‘lmaganlarga alkogol sotmasligi shart. Festival hududida tashkil etilgan vaqtinchalik savdo nuqtalari ham doimiy do‘konlar bilan bir xil qoidalarga bo‘ysunadi.
Agar voyaga yetmagan shaxsga alkogol sotilsa, javobgarlik avvalo uni sotgan shaxs va savdoni tashkil qilgan biznesga yuklanadi. Zarur nazorat choralari ko‘rilmagan bo‘lsa, festival tashkilotchisi ham o‘z vakolati doirasida javob berishi mumkin. Bu holatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 186¹-moddasi bilan tartibga solinadi. Qoidabuzarlikning og‘irligiga qarab jarima, mahsulotlarni musodara qilish yoki faoliyatni cheklash kabi choralar qo‘llanadi. Ayrim hollarda javobgarlik jinoiy tus olishi ham mumkin.
Yirik tadbirlarda yana bir xavf — jamoat tartibining buzilishi. Mushtlashuv, mulkka zarar yetkazish yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir bo‘lsa, birinchi navbatda bevosita aybdor javob beradi. Biroq tashkilotchi xavfsizlik talablarini bajarmagan, sig‘imni nazorat qilmagan yoki zarur choralarni ko‘rmagan bo‘lsa, uning ham mas’uliyati yuzaga kelishi mumkin.
Aslida masalaning mohiyati juda oddiy: Beer Fest kabi festivallarni o‘tkazish mumkin, biroq buning uchun tashkilotchi, savdogar, xavfsizlik xizmatlari va tashrif buyuruvchilar o‘z majburiyatlarini bilishi va ularga amal qilishi kerak. Shunda bir tomondan odamlar maroqli dam oladi, ikkinchi tomondan esa xavfsizlik va qonuniylik ta’minlanadi.

Groupe Huit kompaniyasining shaharsozlik bo‘yicha guruh rahbari o‘rinbosari, urbanist.
Toshkentda turli formatdagi festivallarning o‘tkazilishi ijobiy holat, deb o‘ylayman. Bunday tadbirlar shaharning madaniy hayotini jonlantirib, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Turli madaniyat va qarashlarga ega insonlarning bir makonda uchrashishi esa jamiyatdagi ochiqlik va o‘zaro hurmatni kuchaytiradi.
Vaqt o‘tishi bilan poytaxtda nafaqat Beer Fest, balki Navro‘z, gastronomiya, musiqa, san’at va boshqa yo‘nalishlardagi festivallar ham ko‘payishi mumkin. Bu yerda gap faqat alkogol yoki muayyan mavzudagi tadbir haqida emas, balki shaharda faol va rang-barang madaniy muhit yaratish haqida ketmoqda.
Shu sababli festivallarni faqat Beer Fest bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Qanday mavzuda bo‘lishidan qat’i nazar, bunday tadbirlar shahar hayotiga yangi mazmun olib kiradi, aholi orasida tolerantlik, bir-birini tushunish va qabul qilish madaniyatini rivojlantiradi. Natijada Toshkent yanada jonli, ochiq va zamonaviy shaharga aylanadi.
Ommaviy tadbirlar shahardagi maydonlar, parklar va boshqa jamoat joylarining funksiyasini boyitadi. Masalan, odatda sokin bo‘ladigan park festival yoki boshqa tadbirlar orqali ma’lum vaqt davomida faol ijtimoiy makonga aylanadi. Bu esa jamoat joylarini faqat attraksionlar yoki infratuzilma bilan emas, balki turli madaniy va ijtimoiy faoliyatlar orqali ham jonlantirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Boshqa davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, ko‘plab parklar va ochiq maydonlarda deyarli har hafta turli festivallar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Natijada bu joylar turli madaniyat va qarashdagi insonlar uchrashadigan, shaharning eng faol nuqtalaridan biriga aylanadi.
Menimcha, festivallarning ijobiy jihatlari salbiy tomonlaridan ancha ustun. Bunday tadbirlar odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, turli qarash va madaniyatlarga nisbatan bag‘rikenglikni oshiradi. Aksincha, bunday imkoniyatlar kam bo‘lsa, jamiyatda bir-biridan ajralish, o‘zgachalikni qabul qilmaslik va toqatsizlik kayfiyati kuchayishi mumkin.
Beer Fest atrofida yuzaga kelgan keskin munozaralar ham ma’lum ma’noda bizda ommaviy festivallar madaniyati hali yetarlicha rivojlanmaganini ko‘rsatadi. Tadbirlar ko‘paygani sari jamiyat turli formatdagi yig‘inlar va festivallarga tabiiyroq qaray boshlaydi. Natijada har bir yangi festival katta bahs yoki qarama-qarshilikka sabab bo‘lish o‘rniga, shahar hayotining odatiy va foydali qismiga aylanadi. Bu esa odamlarning bir makonda turli qarashlar bilan hamjihat yashashi mumkinligini namoyon etadi.

Yangi media ta’lim markazi direktori, xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassis.
Zamonaviy shaharlar bugungi kunda o‘z brendini nafaqat me’morchilik yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar orqali, balki odamlar boshidan kechiradigan taassurot va tajribalar orqali ham shakllantirmoqda. Dunyoning ko‘plab yirik shaharlari festivallar, marafonlar, ko‘cha san’ati va boshqa ommaviy tadbirlar bilan tanilgan. Shu sababli Toshkent ham Markaziy Osiyoning yirik megapolisi sifatida bunday tashabbuslarni rivojlantirishi muhim.
Festival shunchaki bir kunlik ko‘ngilochar tadbir emas. U shaharning ochiqligi, zamonaviyligi va kreativ salohiyatini namoyon etuvchi maydon hisoblanadi. Shu jihatdan yirik ommaviy tadbirlar poytaxtning xalqaro imijini mustahkamlash va shahar brendini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Yaqinda o‘tkazilgan Beer Fest festivali ham O‘zbekistondagi tadbirlar bozoriga bir qator muhim xulosalarni berdi. Eng avvalo, mamlakatda yirik festival formatlariga talab yuqori ekani namoyon bo‘ldi. Tadbirga bo‘lgan qiziqish va tashrif buyuruvchilar soni bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Har qanday yirik tadbir endi faqat logistika yoki ko‘ngilochar dastur masalasi emasligi ham ayon bo‘ldi. U reputatsion boshqaruv, jamoatchilik bilan muloqot va ijtimoiy kontekstni chuqur hisobga olishni talab qiladi.
Shahar infratuzilmasi nuqtayi nazaridan Toshkent bunday tadbirlarni o‘tkazish salohiyatiga ega ekanini namoyish etdi. Biroq transport, xavfsizlik, sanitariya, axborot navigatsiyasi va aholi bilan kommunikatsiya bo‘yicha tizimli standartlarni yanada takomillashtirish zarur.
Shu bilan birga, festival nafaqat yirik ommaviy tadbirlarni tashkil etish imkoniyatlarini, balki bunday loyihalarning jamoatchilik tomonidan qanday qabul qilinishini ham ko‘rsatib berdi.
Festivalga nisbatan bildirilgan munosabatlar ma’lum darajada kutilgan holat. Chunki, O‘zbekiston jamiyati turli yosh, qadriyat va dunyoqarashlarga ega qatlamlardan iborat. Alkogol mahsuloti bilan bog‘liq festival esa tabiiy ravishda bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Buni yangi formatdagi tadbirlarning odatiy reputatsion riski sifatida baholash mumkin.
Shu bilan birga, ayrim o‘rinlarda kommunikatsion tayyorgarlik yetarli bo‘lmaganini ham aytish mumkin. Agar tadbirning iqtisodiy, turistik va madaniy maqsadlari kengroq tushuntirilganida, jamoatchilikdagi ayrim noto‘g‘ri talqinlarning oldini olish imkoniyati yuqoriroq bo‘lardi.
Bugungi axborot makonida reputatsiya tadbirdan keyin emas, balki undan ancha oldin boshqarilishi lozim. Buning uchun tadbirning maqsadi va kutilayotgan foydasini oldindan tushuntirish, jamoatchilik kayfiyatini muntazam monitoring qilish hamda tadbir yakunida uning natijalari haqida ochiq axborot berish muhim ahamiyatga ega.
Tanqidlar kuchaygan paytda sukut saqlash yoki himoyaviy pozitsiyani egallashdan ko‘ra, faktlarga asoslangan, ochiq va hurmatli muloqot olib borish eng samarali yondashuv hisoblanadi. Festivallar qisqa muddatli auditoriya jalb qilish vositasi emas, balki shaharning iqtisodiy va imijiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi uzoq muddatli investitsiyadir. To‘g‘ri tashkil etilgan tadbirlar shahar haqidagi tasavvurni o‘zgartiradi, turizm oqimini oshiradi, xizmatlar sektorini rivojlantiradi va mahalliy biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Toshkent ham o‘ziga xos festival taqvimini shakllantira olsa, bu poytaxtga sezilarli iqtisodiy va reputatsion dividendlar keltirishi mumkin.
Shu sababli event marketing samaradorligini faqat qamrov yoki sotuvlar bilan baholash yetarli emas. Uning asosiy kuchi odamlar bilan emotsional aloqa o‘rnatishidadir. Odamlar reklama xabaridan ko‘ra, shaxsan boshdan kechirgan tajribani uzoqroq eslab qoladi.
Shu bois zamonaviy event marketingda auditoriya kayfiyati, brendga yaqinlik, sodiqlik va tavsiya qilish ehtimoli kabi ko‘rsatkichlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘pincha festivalning haqiqiy natijalari bir necha hafta ichida emas, balki oylar va yillar davomida namoyon bo‘ladi.
Beer Fest tajribasi bozorni ortga emas, oldinga siljitadigan jarayon bo‘ldi. Har qanday yangi industriya sinov va tajribalar orqali shakllanadi. Eng muhimi, festival atrofidagi muhokamalar O‘zbekistonda festival madaniyati, jamoat makonlaridan foydalanish va zamonaviy event marketingning o‘rni haqida kengroq munozaraga turtki berdi.
Bu tajribani muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik sifatida emas, balki bozor uchun muhim o‘quv jarayoni sifatida baholash maqsadga muvofiq. Undan to‘g‘ri xulosalar chiqarilsa, kelajakda Toshkentda yanada professional, inklyuziv va xalqaro standartlarga mos yirik shahar festivallarini rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratiladi.