Ayrim hududlarda xususiy tashkilotlar xonadonlarga gaz plitasi va qozonlariga texnik xizmat ko‘rsatishni taklif qilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ayrim hollarda fuqarolarga bu xizmat majburiy ekani aytilib, undan foydalanmasa, gaz ta‘minotidan uzish bilan tahdid qilinmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, gazdan foydalanish uskunalari va gaz tarmoqlariga tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar texnik xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bunday xizmatlar iste‘molchining yozma, og‘zaki yoki elektron buyurtmasi asosida ko‘rsatiladi.

Vazirlik xususiy tashkilot xizmatidan foydalanishga majburlash yoki undan foydalanmagani uchun iste‘molchini gaz ta‘minotidan uzish vakolati mavjud emasligini qayd etdi. Bunday talab noqonuniy hisoblanadi.

Qoidalarga ko‘ra, tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlik sababli iste‘molchini gaz tarmog‘idan uzish choralarini gaz ta‘minoti tashkiloti ko‘radi.

Gaz jihozlarining texnik holati va xavfsizligini tekshirtirish yoki ularga texnik xizmat ko‘rsatish zarur bo‘lsa, iste‘molchilar Hududgazta‘minot‘ning hududiy gaz ta‘minoti tashkilotlariga ham ixtiyoriy ravishda murojaat qilishi mumkin.

Energetika vazirligi iste‘molchilarni kuz-qish mavsumida gaz jihozlari va mo‘rilarning sozligiga e‘tibor qaratish hamda gazdan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilishga chaqirdi.

Spot avvalroq gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflar ishlab chiqilishi haqida yozgandi.