Avvalroq prezident ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Oliygohlar xalqaro tan olinadigan, ilg‘or standartlarga asoslangan milliy ta‘lim dasturlarini ishlab chiqishga o‘tishi taʼkidlandi. INHA va Arxitektura universitetlari Britaniya standarti asosida shunday dasturlarni yo‘lga qo‘yib, talabalarga o‘qishni bir nechta xorijiy oliygohda davom ettirish imkonini yaratdi.
Mazkur tajriba yoshlarga xalqaro talabga javob beradigan bilim, malaka va diplom berayotgani ta‘kidlandi. Kelasi yildan yana 20 ta oliygohda shunday yondashuv joriy etiladi.
Prezident ushbu universitetlar rektorlaridan dunyoqarashni o‘zgartirish, boshqaruv tizimini hozirdan moslashtirish va xalqaro dasturlar bilan ishlaydigan alohida tuzilmalar tashkil qilishni talab qildi. Maqsad — xorijiy standartlarni milliy ta‘lim mazmuni bilan uyg‘unlashtirib, talabaga jahonda tan olinadigan tayyorgarlik berish ekani aytildi.
Prezident oliygohlarda dual ta‘limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Kelasi yildan korxona — oliygoh — maqsadli kadr tizimi 75 ta oliy ta‘lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qiladi.
Ish beruvchi o‘ziga kerak nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma beradi, nomzod testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi.
Korxona tomonidan biriktirilgan ustozga oliygoh pedagoglar oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haq to‘laydi. Korxona oliygoh yoki talaba yashaydigan joydan uzoq bo‘lsa, ijara xarajati qoplanadi. O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tadi.
Rektorlar dual ta‘lim bo‘limlarini ochadi, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar asosiy vaqtini shu yo‘nalishga ajratadi. Tizimni namunali tashkil qilgan uchta eng yaxshi oliy ta‘lim muassasasi va hamkor korxonaning har biri 1 mlrd dan 3 mlrd so‘mgacha mukofot oladi. Oliygohga berilgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirishga sarflanadi.
Bugun mamlakatda 32 ta xorijiy oliy ta‘lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Prezident endi dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini tashkil etish asosiy vazifa bo‘lishini ta‘kidladi.
Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya va jihozlarga sarflagan mablag‘i, shuningdek, brend uchun to‘lovining 50% igacha qismi qoplanadi. Kampus qurish xarajatining 30% igacha kompensatsiya qilinadi, sarmoya qaytishini ta‘minlashga xizmat qiladigan davlat granti o‘rinlari ajratiladi.
Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun‘iy intellekt hamda tibbiyot kabi iqtisodiyot uchun muhim sohalarga ustuvor ahamiyat beriladi.
Spot avvalroq davlat universitetlari boshqaruviga xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillari jalb qilinishi haqida yozgandi.