Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi.

Hujjat bilan tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Unga ko‘ra, dastlab tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magidan foydalangan holda tajribali konsultantlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Jalb qilingan konsultantlar bilan birgalikda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Unda elektrlashtiriladigan, tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanadigan iste’molchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash masalasi nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan maishiy texnikalarni sotib olishda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilning noyabr oyi oxirigacha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Uni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish 2027-yil aprel oyiga rejalashtirilgan.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar uchun mas’ul ijrochilar sifatida Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi ko‘rsatilgan.

Gazlashmagan uylar uchun elektrga imtiyoz

Gaz yetib bormagan uylar uchun elektr tarifiga yengillik berish rejasi bir necha yildan buyon aytib kelinmoqda. Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yilning kuzida xonadonini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilarga chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilib, uni 2025-yildan joriy etishga va’da bergan edi.

Oradan bir yil o‘tib, 2025-yilning oktabrida vazir ushbu tashabbus bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, ayrim hududlarda pilot loyiha sinovdan o‘tkazilishini ma’lum qildi. Vazirlik yangi tizimni joriy etishdan oldin elektr tarmoqlariga tushadigan qo‘shimcha yuklama va xarajatlarni tahlil qilib, yakuniy taklif audit natijalariga ko‘ra hukumatga kiritilishini bildirgan.

Dekabr oyida esa vazirlik ovqat tayyorlash va isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, gaz tarmog‘iga ulanmagan uylar uchun pasaytirilgan tariflarni joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Loyihaga ko‘ra, isitish mavsumida oyiga 2000 kVt/soat gacha, qolgan davrda esa 1000 kVt/soat gacha iste’mol qilingan elektr energiyasi amaldagi maishiy tarifdan 50% arzon narxda hisoblanadi.

Joriy yilning avgust oyida yangidan energetika vaziri etib tayinlangan Sherzod Xodjayev gaz yetib bormagan qariyb 2 mingta mahallada yashovchi aholi uchun elektr tariflarini differensiallashtirish rejalashtirilayotganini bildirdi. Gaz yo‘q hududlarda uyini elektr energiyasi bilan isitayotgan aholiga chegirmalar berish ko‘zda tutilmoqda. Tariflar hududning xususiyatlari, uy-joy turi va energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi.

Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyalari data-markazlar bilan bog‘lanishi mumkinligi haqida yozgandi.