Prezident farmoni bilan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari va iste‘molchilariga shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinadi.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz ta‘minotida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish hamda tartibga solish vazifalari yuklatiladi.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga qoidabuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va xavflarni erta aniqlashga qaratilgan preventiv nazorat modeliga asoslangan vazifalar yuklatiladi.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari tegishliligi bo‘yicha yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bo‘yicha xo‘jalik faoliyatini amalga oshiradi.

2027-yil 1-iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi joriy etiladi.

Platforma orqali faoliyati tartibga solinadigan korxonalarning tarif buyurtmalari hamda tariflarni hisoblash uchun zarur moliyaviy, texnik va boshqa ma‘lumotlar elektron shaklda qabul qilinib, qayta ishlanadi.

Tarif hisob-kitoblari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tariflarni shakllantirish tartibi asosida avtomatlashtiriladi.

Spot, avvalroq, Toshkentda Jahon banki ishtirokida uy-joylarning energiya auditi o‘tkazilishi haqida yozgandi.