Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarning kompleks energiya auditi boshlanmoqda, deya xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Tadbir uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish hamda aholini issiqlik energiyasi bilan barqaror va sifatli ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar doirasida tashkil etilgan. Loyiha Jahon banki ishtirokida iyul oyi oxiridan buyon amalga oshirilmoqda.
Manzilli o‘rganish yakunlariga ko‘ra, 2025−2026-yillar isitish mavsumida me’yoriy darajada isitilmagan uylar tanlab olindi. 21-sentabrdan boshlab ushbu uylarda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida energiya auditi o‘tkazilmoqda.
Energiya auditi doirasida binolarning texnik va energetik holati, issiqlik yo‘qotish manbalari, tashqi devorlar, tomlar, yerto‘lalar, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari, shuningdek, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi o‘rganiladi.
Xorijiy mutaxassislar har bir uyda issiqlik yo‘qotilishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash uchun zarur instrumental o‘lchovlarni o‘tkazadi. Tadqiqotlar asosida texnik yechimlar ishlab chiqiladi.
Energiya auditi natijalariga ko‘ra, samarali isitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Unda ko‘p qavatli uylarni binolarning texnik holati va energiya samaradorligi, issiqlik yo‘qotish darajasi hamda boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda isitish bo‘yicha yagona yondashuvlar belgilanadi.
Kelgusidagi metodologiya Toshkentdagi uylarni energiya samaradorligi nuqtayi nazaridan baholash uchun asos bo‘ladi.
Uning yordamida mutaxassislar modernizatsiya qilinishi kerak bo‘lgan binolarni aniqlab, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish, shuningdek, elektr energiyasi va gazdan oqilona foydalanish choralarini ko‘radi.
Avvalroq Spot Hududgazta’minot aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi sho‘ba kompaniya tashkil etishi haqida yozgandi.