O‘zbekistonda ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan uylar uchun elektr energiyasining pasaytirilgan tariflari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tariflar gaz quvurlariga ulanmagan va markaziy isitish o‘rniga elektr isitish bilan taʼminlangan ko‘p qavatli uylar hamda yotoqxonalar uchun tatbiq etiladi Shuningdek, chegirmalar gazlashtirilmagan hududlardagi maishiy isteʼmolchilarga ham tegishli bo‘lib, ular subsidiyalangan narxlarda suyultirilgan gaz yoki ko‘mir olmaydilar.
Isitish mavsumida oyiga 2000 kVt/soatgacha isteʼmol qilganda, bunday abonentlar maishiy isteʼmolchilar uchun amal qilayotgan tarifdan 50% past narxda to‘laydilar. Yilning qolgan vaqtlarida pasaytirilgan narxlar uchun oylik limit 1000 kVt/soatni tashkil etadi.
Amaldagi va taklif etilayotgan tariflarning taqqoslanishi quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Isteʼmol hajmi | Tarif (kVt/soat uchun, so‘mda) | |
| amalda | taklif etilayotgan | |
| isitish mavsumida | ||
| 200 kVt/soatgacha | 600 | 300 |
| 201−500 kVt/soat | 800 | 400 |
| 501−1000 kVt/soat | 1000 | 500 |
| 1001−2000 kVt/soat | 1500 | 750 |
| isitish mavsumidan tashqari | ||
| 200 kVt/soatgacha | 600 | 300 |
| 201−500 kVt/soat | 800 | 400 |
| 501−1000 kVt/soat | 1000 | 500 |
O‘zgartirishlar idoralararo dastlabki kelishuvdan o‘tkazildi. Hozirda elektr tarmoqlarining qo‘shimcha yuklamani qabul qilish imkoniyatini tekshirish maqsadida texnik audit o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zenergoinspeksiya, Hududiy elektr tarmoqlari va Hududgaztaʼminot tahlil o‘tkazmoqda.
Hisob-kitoblar yakunida yakuniy xulosa chiqariladi. Uning asosida masʼul davlat organlari tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Energetika vazirligining qayd etishicha, yangi chora-tadbirlar O‘zbekistonda energiya isteʼmoli madaniyatini oshirishga qaratilgan. Yangi ko‘p qavatli uylarda ovqat tayyorlash va isitish tizimini to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.
Elektrlashtirish cheklangan resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash uchun anʼanaviy energiya manbalarini qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan almashtirish maqsadini ko‘zlaydi. Vazirlik bu borada Xitoy, Belarus va Yevropaning bir qator davlatlari tajribasini qayd etdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekistonda isitishda gazdan to‘liq voz kechilishi va elektr bo‘yicha imtiyozli tariflar joriy etilishini ma’lum qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda energetika bo‘yicha $11 mlrdlik 42 ta yangi obyektlar ishga tushirilgani xabar berilgandi.
