O‘zbekistonda isitishda gazdan to‘liq voz kechiladi va elektr bo‘yicha imtiyozli tariflar joriy etiladi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qonunchilik palatasi majlisida aytib o‘tdi.

Vazir bundan buyon ko‘proq elektr energiya hisobidan isitish va elektr bilan barqaror ta‘minlash bo‘yicha alohida ishlar olib borilishi kerakligini qayd etdi.

“Norvegiya gaz bo‘yicha eng boy davlat. Lekin umuman gazda isitmaydi, to‘liq elektr energiya orqali isitishadi. Ularda sovuq kunlar bizga nisbatan juda ko‘proq”, — deydi Mirzamahmudov.

Energetika vaziriga ko‘ra, hozirda isitishni to‘liq elektrlashtirish va bu borada imtiyoz joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qishki mavsumda isitish uchun 2000 kilovatt-soatgacha elektr energiyasini ishlatish yetarli bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p qavatli uylar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi isteʼmolchilarga oylik isteʼmol hajmiga qarab chegirma qo‘llanadi.

Jumladan, isitish mavsumida 2000 kVt·soatgacha, isitish mavsumidan tashqari — 1000 kVt·soatgacha chegirma beriladi. Elektr energiyasi isteʼmoli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50% gacha chegirma qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasidan foydalanish uchun soatbay tariflar joriy qilinishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘tgan yilning iyunida o‘tkazilgan Qonunchilik palatasi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ijtimoiy norma doirasida mamlakatda gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qilgandi.

Oktabr oyiga kelib esa Jo‘rabek Mirzamahmudov xonadonini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilarga chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilib, uni 2025-yilning 1-yanvaridan joriy etishga va’da bergandi.

Joriy yilning 28-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri gazsiz uylar uchun elektr energiyasi imtiyozlari 1-yanvardan joriy etilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada hali tahlil va audit ishlari davom etmoqda.


Avvalroq Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistondagi elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan izoh bergandi.