Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistondagi elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan izoh berdi. Bu haqda u 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Energetika vazirligida markaziy muvofiqlashtiruvchi shtab tashkil etilgan va u 24 soatlik ish rejimiga o‘tgan. Biroq, vazir ishlab chiqilgan ssenariylardan tashqari favqulodda vaziyatlar yuzaga kelayotganini ta’kidladi.

“Bugun qo‘shni davlatdagi texnogen vaziyat tufayli quvurdagi gaz hajmi [sutkasiga] 6 mln kub metrga kamaydi. Bunga javoban shoshilinch choralar ko‘rildi. Yaqinda ACWA Power tomonidan qurilgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 30 yil ichida birinchi marta rotor nosozligi aniqlanganda, bizda ham xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Bizning ishlab chiqarish obyektlarimizda Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasida ishlab chiqarilgan 18 ta dvigatel o‘rnatilgan va ularning hech birida bunday holat kuzatilmagan. Prezident bu vaziyatni o‘z nazoratiga olgani uchun biz rotorni eng katta [yuk] samolyotida olib keldik — u allaqachon olib kelingan va hozir o‘rnatilmoqda. Buning evaziga zaxira quvvatlarini ishga tushirdik”, — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, yaqinda yangi shamol va quyosh elektr quvvatlari ishga tushirildi. Biroq, “yomg‘ir yoqqan kuni shamol ham, quyosh ham bo‘lmadi”, buning natijasida iste’mol eng yuqori bo‘lgan soatlarda Energetika vazirligi yirik iste’molchilarning yuklamasini kamaytirishga va “iloji bo‘lmagan” joylarda elektr ta’minotiga “kichik cheklovlar” kiritishga majbur bo‘ldi. “Ilgari buni yelpig‘ichsimon o‘chirish deb atashardi”, — deb tushuntirdi u.

Energetika vaziri elektr energiyasi ta’minotiga cheklovlar kiritilishining kamayishi haqidagi statistik ma’lumotlarni taqdim etdi: 2013-yilda 4 mlrd kVt·soat bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda 1,5 mlrd, “energetik inqiroz” yuz bergan 2022-yilda 2 mlrd, 2023-yilda 1,63 mlrd, 2024-yilda esa 357 mln kVt·soat bo‘lgan.

Noyabr oyida 24 mln kVt·soat, dekabr oyida esa 18 mln kVt·soat miqdorida cheklovlar kiritilgan. Vazir 2025-yilning butun davri uchun ma’lumotlarni keltirmadi.

Energetika vazirligi tarmoqlarda tarqalgan soat 17:00 dan 21:00 gacha O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi o‘chishi haqidagi xabarlarga izoh berdi. Qayd etilishicha, bu kabi xabarlar mutlaqo noto‘g‘ri. Tarmoq egalari tomonidan odamlarni o‘ziga jalb qilish maqsadida yozilgani aytildi.

Vazirlik ayrim hududlarning elektr ta‘minotida qisqa muddatli uzilish kuzatilishi mumkinligi haqida rasmiy xabar berilishini eslatdi. Ijtimoiy tarmoq egalaridan tasdiqlanmagan va noto‘g‘ri bo‘lgan ma‘lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi. “Bu bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjud ekanligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekistonda energetika bo‘yicha $11 mlrdlik 42 ta yangi obyektlar ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.