Mamlakatdagi xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz mavjud emas. Bu haqda 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Unda deputat Doniyor G‘aniyev joriy yilning 1-mayidan mamlakatda aholi uchun joriy etilgan elektr va gaz tariflari, ijtimoiy limit bo‘yicha savol bilan yuzlandi. G‘aniyev so‘zi boshida “bu qaror og‘riqli bo‘lishiga qaramay, qilishimiz kerak bo‘lgan narsa edi” deya qayd etdi.

“Joylarda tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, manzilli ro‘yxat asosida tegishli odamlarga subsidiya berilishini tushuntiryapmiz. Lekin, joylarda ijtimoiy limit bo‘yicha e’tirozlar bo‘lmoqda. Eng katta e’tirozlardan biri — limitni belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning ehtiyojlari inobatga olinmagani”, — dedi deputat.

Doniyor G‘aniyev ko‘p joylarda tabiiy gaz mavjudligi sabab, ayrim fuqarolar xonadonlarni isitishda elektr energiyasidan kam foydalanishini, ayrim hududlarda esa tabiiy gaz bilan ta’minlanmaganliklari hisobiga, qish mavsumida uylarni isitishda elektrdan foydalanishishini qayd etib, bu noto‘g‘ri ekanligini, ularda boshqa tanlov mavjud emasligini, ularga qish davomida to‘lovlar katta bo‘lishini hozirdan hisoblash mumkinligini ta’kidladi.

Qaror doirasida, qish mavsumida xonadonini isitishda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolar uchun limitni kengaytirish, mavsum davomida bu miqdorni oshirish masalasi ko‘rib chiqilishi, 100 minglab fuqarolarning og‘irini yengil qilishi mumkin. Deputat bu bo‘yicha tizimli yechim taklif qilinishi kerakligini o‘rtaga tashladi.

Jamshid Qo‘chqorov deputat bildirgan fikrlar, berilgan savolning to‘g‘riligini qayd etib, xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz mavjud emasligini, aholi ko‘mir va o‘tinni bozor narxida xarid qilishini bildirdi.

“Ular ko‘mir va o‘tinni bozor narxida oladi. Ayniqsa, o‘tinni. [Aholi] ma’lum miqdorda, o‘zimizning ko‘mirdan cheklangan narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega. Agar, to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, gaz yo‘qligi uchun ular [aholi] qanaqadir ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dastagidan foydalanishmaydimi, degan savol bo‘lmoqda. Bu savol to‘g‘ri deb o‘ylaymiz, ayniqsa, qish paytida”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari, mazkur masalani yozib olib, bu bo‘yicha shug‘ullanib, keyin maslahat qilinib, xabar berilishini bildirdi.

1-maydan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. Bu sanagacha hisob raqamini to‘ldirganlar uchun ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Kelgusi yilning aprel oyidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.

Elektr uchun bir oylik bazaviy me’yor 200 kVt/soatni, tabiiy gaz uchun isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil etadi.

Energetika vaziri tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidlagandi. Bundan tashqari, Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.

“Spot” fan doktori Behzod Hoshimov bilan tariflarning oshirilish sabablari, energiya tizimidagi kamchiliklar va maishiy iste’molchilarni resurslar bilan ishonchli ta’minlash uchun zarur islohotlar haqida suhbatlashgandi. U Tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etdi.