Toshkentning Chilonzor tumanida 15-avgust kuni o‘tkazilgan nazorat reydi davomida avtobusdan tushgan fuqaro M.M.dan yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish so‘ralgan. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Yo‘lovchi turli vajlarni keltirib, nazoratchining talabini bajarmagan va unga qarshilik ko‘rsatgan. Uning shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida esa janjal chiqarib, nazoratchiga kuch ishlatishga uringan. Holat nazoratchiga biriktirilgan bodi-kamera orqali yozib olingan.
24-sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida mazkur holat yuzasidan ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Sud M.M.ga 3 sutka ma‘muriy qamoq jazosini tayinladi.
Vazirlik Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi nazoratchilari hokimiyat vakili ekanini eslatdi. Ularga hujum qilish, zo‘ravonlik bilan tahdid qilish yoki haqorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashi shart. Yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan hisoblanadi va jarimaga tortiladi.
Spot avvalroq 1-oktabrdan Toshkentda avtobus va metro uchun yo‘l haqi oshirilishi haqida yozgandi.