Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolarni tashkillashtirilgan tartibda ishga yuborish mexanizmlarini takomillashtirish hamda safardan oldingi asosiy jarayonlarni O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “bir joyda barcha jarayonlar” tamoyili asosida kompleks markaz tashkil etish taklif qilindi. Unda safardan oldingi testlar, tibbiy ko‘rik, biometrik va daktiloskopik tekshiruvlardan o‘tish hamda hujjatlarni tekshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, rus tili imtihonlarini topshirish uchun Toshkentga kelish bilan bog‘liq vaqt va xarajatlarni kamaytirish maqsadida jarayonlarni hududlarda tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Buning uchun to‘rtta hududda zarur infratuzilma tayyorlangan.

migratsiya agentligi, rossiya, xorijda ish

Agentlikka ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad Rossiyada ishlashni rejalashtirgan fuqarolarning ish joyi va sharoitlarini oldindan bilishi, zarur hujjatlarni rasmiylashtirishi hamda aniq ish beruvchining buyurtmasi asosida qonuniy tartibda ishga borishini ta‘minlashdan iborat.


O‘zbekiston va Rossiya 2025-yil fevral oyida Toshkentdagi Saxarovo migratsiya markazi filialida rus tili bo‘yicha imtihon topshirishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi. O‘shanda Migratsiya agentligi patent olish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligi bo‘yicha bepul sinov testlari mavjud saytni ishga tushirdi.

O‘sha yilning aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya vakillari mehnat muhojirlarini ishga qabul qilish bo‘yicha majburiy tartib-taomillarni Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qildi. IIV Rossiyaning O‘zbekistondagi Pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta tiklashni taklif qildi. Rossiya tomoni bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

Saida Mirziyoyeva o‘tgan yilning may oyida Moskvada Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuv mavzularidan biri migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati bo‘ldi.

2025-yil iyun oyida Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma‘lum qildi. Tomonlar mehnat muhojirlarini rus tili, madaniyati va boshqa jihatlar bo‘yicha dastlabki tayyorgarlikdan o‘tkazishni tashkil etadi, deb ta‘kidlagan edi Rossiya prezidenti.

Bir yil o‘tgach, O‘zbekiston TIV vazir o‘rinbosari Olimjon Abdullayevning Sankt-Peterburgga safari chog‘ida migratsiya sohasida erishilgan kelishuvlar haqida e‘lon qildi. Xususan, Xalqaro mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi Samarqandda rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha test markazini ochishga rozi bo‘ldi.

Spot avvalroq Rossiyaning yana 11 ta hududida migrantlar uchun Amina ilovasi majburiy bo‘lishi haqida yozgandi.