Samarqand viloyatida Rossiyaga ketadigan mehnat migrantlari uchun test markazi ochiladi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
11-iyun kuni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi doirasida Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati hukumati, tashqi aloqalar, mehnat va aholi bandligi qo‘mitalari hamda boshqa tegishli tuzilmalar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Xususan, qo‘shma investitsiyaviy va logistik loyihalar uchun Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” xalqaro savdo markazining salohiyati yuqori ekani qayd etildi.
Tashrifning asosiy natijalaridan biri Xalqaro mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi bilan Samarqand viloyatida rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha test markazini ochish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgani bo‘ldi.




“Bronka Grup” va “Yujniy” migratsiya markazlari rahbariyati O‘zbekiston bilan uyushgan holda ishga joylashtirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi bilan birgalikda ushbu markazlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, vatandoshlarni axborot bilan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekistonliklar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatining inson huquqlari va bola huquqlari bo‘yicha vakillari, shuningdek, Xalqaro advokatlar kollegiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar natijasida tomonlar huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va tezkor hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga kelishib oldilar.
Delegatsiya, shuningdek, Leningrad viloyatidagi Chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga tashrif buyurib, u yerda o‘zbekistonliklarni saqlash sharoitlari bilan tanishdi.
Muassasa rahbariyati bilan hujjatlarni rasmiylashtirishni tezlashtirish va ularni vatanga qaytarishni tashkil etish chora-tadbirlari kelishib olindi.
Avvalroq Spot UzAirways Rossiyaga, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgga reyslarni qisqartirishi haqida yozgandi.
Bunga aviayoqilg‘i tanqisligi va narxining oshishi sabab bo‘ldi. Bekor qilingan reyslar yo‘lovchilari chiptani qayta bron qilishi yoki pulini qaytarib olishi mumkin.



