Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) OLX.uz platformasi ma‘lumotlari asosida 2026-yilning may oyi uchun Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxlari bo‘yicha sharh tayyorladi.

Birlamchi bozorda bir oy davomida eng katta o‘sish uch xonali xonadonlar segmentida qayd etildi — 2,7%, bir xonali xonadonlar esa 1,1% ga qimmatladi. Shu bilan birga, ikki xonali hamda to‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar narxi mos ravishda 1,1% va 1,5% ga arzonladi.

Ikkilamchi bozorda oylik dinamika ancha barqaror ko‘rinishga ega bo‘ldi. Narxlar deyarli barcha segmentlarda o‘sdi, bunda asosiy o‘sish bir xonali xonadonlar hissasiga to‘g‘ri keldi — 5,8%. Ikki va uch xonali xonadonlar mo‘tadil — 0,6% va 0,5% ga qimmatlashdi. Pasayish faqat to‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar segmentida qayd etildi — 0,4%.

uylar narxi, mhti, tahlil, uy-joy savdosi

Birlamchi bozorda to‘liq ta‘mirlangan bir xonali xonadonlar narxi yil davomida deyarli barcha tumanlarda oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirobod tumanida qayd etildi — 26%, bu yerda o‘rtacha taklif narxi bir kvadrat metr uchun $2061 ni tashkil qildi. Mirzo Ulug‘bek tumanida narxlar 23,5% ga ($2125), Chilonzor tumanida esa 14,6% ga ($1535) o‘sdi. Pasayish faqat ikki tumanda kuzatildi: Olmazor tumanida 7,8% ga ($1321) va Yakkasaroy tumanida 0,5% ga ($2026).

Uch xonali xonadonlar segmentida pasayish faqat Uchtepa tumanida kuzatildi, bu yerda o‘rtacha taklif narxi bir kvadrat metr uchun $1117 ni tashkil etdi. To‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar narxi o‘nta tumandan beshtasida pasaydi, eng sezilarlisi Olmazor tumanida bo‘lib, 12,4% ga pasaygan va o‘rtacha qiymat bir kvadrat metr uchun $1142 ni tashkil qilgan.

uylar narxi, mhti, tahlil, uy-joy savdosi

Ikkilamchi bozor ancha bir tekis o‘sishni namoyon etdi: to‘liq ta‘mirlangan bir, ikki va uch xonali xonadonlar Toshkentning barcha tumanlarida qimmatlashdi. Bir xonali xonadonlar segmentida eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilib, o‘rtacha taklif narxi bir kvadrat metr uchun $1625 ni tashkil etgan holda 19,4% ga yetdi. Ikki xonalilar orasida ham eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek tumanida kuzatildi — 18,3% ($1581). Uch xonali xonadonlar eng ko‘p Yunusobod tumanida — 11,5% ga ($1427) qimmatlashdi.

To‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar segmentida maksimal o‘sish Uchtepa tumanida kuzatildi — 14% ($1150). Pasayish faqat Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etildi — 1,3%, bunda o‘rtacha taklif narxi bir kvadrat metr uchun $1298 ni tashkil etdi.

uylar narxi, mhti, tahlil, uy-joy savdosi

Institut baholariga ko‘ra, 2026-yilning aprel-may oylarida uy-joy oldi-sotdisining naqd pulsiz tartibi joriy etilishi narxlarning keskin tebranishiga olib kelmadi. Ushbu choraning yakuniy ta‘sirini 2026-yilning ikkinchi va uchinchi choraklaridagi bozor dinamikasi bo‘yicha baholash mumkin bo‘ladi.

Spot, avvalroq, Toshkentda uylar ko‘payayotgani, lekin ofis va savdo markazlari yetishmayotgani haqida yozgandi.