Toshkentda turar-joy segmenti tijorat segmentiga qaraganda tezroq rivojlanmoqda, bu esa ko‘chmas mulk bozorida nomutanosiblikni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Commonwealth Partnership Uzbekistan bosh direktori Denis Sokolov TXIF-2026 da ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Toshkentda qurilish bumi kuzatildi va uning cho‘qqisi 2022-yilga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda qurilish hajmi bir yil ichida mavjud ko‘chmas mulk fondiga nisbatan 77% ga oshgan. Ekspert hozirgi qurilish sur’atlarining sekinlashishini esa faol o‘sishdan keyingi tabiiy bosqich deb hisoblaydi.

Sokolovning fikricha, endi asosiy vazifa — bozorni muvozanatlashdir. Hozir yangi qurilishlar tarkibida asosan turar joy ko‘chmas mulki ustunlik qilmoqda. Odatda shahar turiga qarab tijorat maydonlari ulushi 15−20% ni tashkil etadi, biroq Toshkentda qurilayotgan majmualarda bu ko‘rsatkich ancha past.

“Kelajakda muvozanatli bozorni ko‘rishni istasak, hozir qurilayotgan va rejalashtirilgan loyihalardan tashqari Toshkentga qo‘shimcha ravishda 350 ming kvadrat metr zamonaviy ofis va biznes maydonlari, 550 ming kvadrat metr savdo maydonlari hamda qariyb 600 ming kvadrat metr A toifadagi omborlar zarur”, — dedi u.

Ekspertning ta’kidlashicha, tijorat maydonlariga fundamental talab mavjud bo‘lsa-da, nega developerlar bu segmentda faolroq qurmayotgani haqida savol tug‘iladi. Uning fikricha, bunga benchmarking natijalari javob beradi.

Taqdimotda 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan savdo maydonlari hajmi ko‘rsatkichi keltirilgan. Toshkentda bu ko‘rsatkich 184 kv.metrni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Olmaotada u 440 kv.metrga, Astanada esa 570 kv.metrga teng. Bu esa poytaxtda zamonaviy savdo maydonlariga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Biroq talabning mavjudligi developerlar avtomatik ravishda bunday loyihalarni ko‘proq qurishini anglatmaydi. Ko‘chmas mulk sohasi alohida ishlamaydi — u nafaqat xaridorlar ehtiyojiga, balki loyihalarning developerlar uchun qanchalik jozibador ekaniga ham bog‘liq.

Sokolovning fikricha, sifatli savdo obyektini yaratish uchun bozorning barcha asosiy ishtirokchilari — xalqaro riteylerlar, yirik savdo tarmoqlari, marketing agentliklari, moslashuvchan ofis operatorlari va boshqa kompaniyalar ekotizimining shakllanishi zarur. Aks holda developer kerakli muhitni yarata olmaydi. Hozircha bozorda bunday ekotizim to‘liq shakllanmagan.

Yangi loyihalarni ishga tushirishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri sifatida yer bozorining yetarlicha shaffof emasligi ham qayd etildi. Bundan tashqari, tijorat maydonlarining kichik bloklar ko‘rinishida sotilishi ham muammo bo‘lib qolmoqda.

“Institutsional investitsion kapital yetishmagani sababli developerlar qurilishni moliyalashtirish uchun savdo markazlarining bo‘laklari va qavatlarini turli xaridorlarga sotishga majbur bo‘ladi. Natijada bunday binolarda yagona konsepsiyaga ega savdo markazi, lifestyle-markaz yoki shahar uchun sifatli muhit yaratadigan boshqa obyektlarni shakllantirish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi”, — dedi u.

Moderatorning bozordagi asosiy bo‘shliqlar haqidagi savoliga javoban Sokolov Toshkentda operatsion biznes yetishmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan operatsion biznes loyihalarni bir-biriga bog‘lab turuvchi “yelim” vazifasini bajaradi.

Arxitektura va qurilishni boshqarish bo‘yicha tajribani xorijdan jalb qilish mumkin, biroq mahalliy operatsion ekspertizani bozorning o‘zida rivojlantirish kerak.

tijorat binolari, toshkent shahri, cmwp, denis sokolov

“O‘zbekiston mutlaqo o‘ziga xos mamlakat. Bu yerda juda ko‘p nozik jihatlar bor. Siz Yevropa yoki hatto qo‘shni Qozog‘istonda muvaffaqiyatli ishlagan modelni olib kelib, shu yerda ham ishlashini kutolmaysiz. Qozog‘istonning yirik riteylerlari O‘zbekistonda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, bozorni tark etganiga ko‘plab misollar bor. Shu sababli biz qurilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalarni mazmun, biznes va rivojlanish bilan to‘ldira oladigan mahalliy operatsion ekspertizani shakllantirishimiz kerak”, — deya xulosa qildi Denis Sokolov.

Avvalroq Spot Toshkent o‘zgarishlar sur‘ati bo‘yicha dunyoning eng yaxshi shaharlari uchligiga kirgani haqida yozgan edi.