Sun’iy intellekt jahon moliya bozorlarida keskin qulashga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Nashr o‘z maqolasida AQSH fond bozoridagi so‘nggi yillardagi spekulyativ “mini-pufaklar” va ularning iqtisodiyotga ta’siri tahlil qilingan.

Maqolada aytilishicha, 2008−2009-yillardagi global moliyaviy inqirozdan keyin AQSH fond bozorida spekulyativ pufaklar tez-tez yuzaga kelmoqda.

Biroq ular avvalgidek butun iqtisodiyotni inqirozga olib kelmayapti. Ayrim kompaniya yoki tarmoqlar aksiyalari keskin qimmatlashib, keyin tez arzonlashmoqda, ammo umumiy bozor bunga bardosh bera olyapti.

Masalan, xotira chiplarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aksiyalaridagi keskin o‘sish va pasayish S&P 500 indeksining rekord darajalarda qolishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi.

Maqolaga ko‘ra, bugungi pufaklarning asosiy farqi shundaki, ular katta miqdordagi qarzlar hisobiga shakllanmayapti. 2008-yilgi ipoteka inqirozida banklar va moliya tizimi haddan tashqari qarz yukiga botgan edi. Hozir esa bank tizimi nisbatan sog‘lom bo‘lib, bir sektordagi yo‘qotishlar butun iqtisodiyotga tarqalib ketmayapti.

WSJ maqolasining eng muhim xulosalaridan biri SI bozoriga oid xavflardir. Nashrda yaqin to‘rt yil ichida sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari va infratuzilmasiga qariyb $7 trln investitsiya kiritilishi mumkinligi qayd etiladi.

Agar bu ulkan investitsiyalar kompaniyalarga yetarli daromad va mehnat unumdorligi o‘sishini ta’minlamasa, SI atrofidagi bugungi optimizm ham navbatdagi yirik moliyaviy pufakka aylanishi mumkin. Ayniqsa, bu investitsiyalar tobora ko‘proq qarz hisobidan moliyalashtirilsa, xavf yanada ortadi.

Maqolada tarixiy misollar, jumladan temiryo‘l qurilishi va “dot-com” davri eslatilib, kapitalning noto‘g‘ri yo‘naltirilishi uzoq muddatda iqtisodiy samaradorlikni pasaytirishi mumkinligi aytiladi.

Hozircha SI bilan bog‘liq kompaniyalarning aksariyati daromadli va moliyaviy jihatdan kuchli bo‘lsa-da, investorlarning kutgan natijalari amalga oshmasa, aksiyalar keskin qadrsizlanishi ehtimoli mavjud.

WSJ xulosasiga ko‘ra, AQSH fond bozori so‘nggi yillarda spekulyativ pufaklarni avvalgiga qaraganda yengilroq boshdan kechirmoqda.

Biroq sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilayotgan ulkan mablag‘lar kutilgan iqtisodiy samarani bermasa yoki qarz yukining oshishi davom etsa, bugungi SI bumining oqibatlari avvalgi mini-pufaklarga qaraganda ancha jiddiy bo‘lishi mumkin.


Avvalroq Spot Meta 2026-yil oxirigacha moderatorlarni SI bilan almashtirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Kompaniya shu orqali ayrim turdagi kontentlarni sun’iy intellekt yordamida tekshirishni 90% ga yetkazmoqchi.