Meta 2026-yil oxirigacha moderatorlardan “deyarli to‘liq” voz kechib, kontentni sun’iy intellekt yordamida tekshirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya kontent va reklamalarni sun’iy intellekt modellari yordamida tekshirishga o‘tishni tezlashtirdi, deb yozadi Financial Times o‘z manbalariga tayanib.

Qayd etilishicha, bunday tizimlar hozirda barcha so‘rovlarning 50%igacha bo‘lgan qismini tekshirmoqda.

Kompaniya 2026-yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni ayrim turdagi kontentlar uchun 90% ga yetkazishni maqsad qilgan.

Meta buni tejash uchun emas, balki moderatsiya aniqligi va tezligini oshirish uchun qilayotganini ta’kidlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy intellekt modellari odamlarga qaraganda 13% ga kamroq xato qiladi.

Shu bilan birga, ayrim Meta xodimlarining fikricha, sun’iy intellekt moderatsiyasiga o‘tish jarayoni haddan tashqari tez kechmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, modellar hamon xatoliklarga yo‘l qo‘yapti — masalan, “bezovta qilmaydigan” postlarni o‘chirib yubormoqda.

Nashr moderatorlarning sun’iy intellekt bilan almashtirilishi allaqachon ishdan bo‘shatishlarga olib kelganini yozdi, biroq qisqartirilgan xodimlar sonini ma’lum qilmadi.

Meta moderatsiya uchun Google’ning Gemini modelidan foydalangan, ammo yaqinda o‘zining Muse Spark tizimiga o‘tgan, deya qayd etdi nashr manbalari.

AvvalroqMeta o‘smirlar uchun kontentga global cheklovlar kiritayotgani haqida xabar berilgandi.

Endi kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlaridagi 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning barcha profillari avtomatik ravishda kontentga kirish cheklangan rejimga o‘tkaziladi.

Yangi siyosat 13+ kontent filtrini barcha o‘smirlarga tatbiq qiladi. O‘smirlar hisoblari odatiy ravishda uyatli so‘zlar, shahvoniy kontent, xavfli xatti-harakatlar tasvirlari, shuningdek, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar va boshqa kattalar uchun mavzularga aloqador postlarni berkitadi va tavsiya qilmaydi.

18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar cheklovlarni faqat ota-ona ruxsati bilangina yengillashtira oladilar. Ayrim hollarda ota-onalar yanada qattiqroq nazorat rejimini yoqishlari mumkin.