Meta voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun qoidalarni kuchaytirmoqda va o‘smirlar akkauntlari tizimini butun dunyoga kengaytirmoqda.

Endi kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlaridagi 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning barcha profillari avtomatik ravishda kontentga kirish cheklangan rejimga o‘tkaziladi.

Yangi siyosat 13+ kontent filtrini barcha o‘smirlarga tatbiq qiladi. O‘smirlar hisoblari odatiy ravishda uyatli so‘zlar, shahvoniy kontent, xavfli xatti-harakatlar tasvirlari, shuningdek, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar va boshqa kattalar uchun mavzularga aloqador postlarni berkitadi va tavsiya qilmaydi.

18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar cheklovlarni faqat ota-ona ruxsati bilangina yengillashtira oladilar. Ayrim hollarda ota-onalar yanada qattiqroq nazorat rejimini yoqishlari mumkin.

Meta, shuningdek, obunalarga ham cheklovlar joriy etmoqda: o‘smirlar muntazam ravishda “kattalar uchun” kontent joylaydigan akkauntlarga obuna bo‘la olmaydi, avvalroq rasmiylashtirilgan obunalarda esa postlarning ko‘rsatilishi va ular bilan o‘zaro aloqa cheklanadi.

Kompaniya qidiruvdagi cheklovlarni ham alohida kengaytirmoqda — voyaga yetmagan foydalanuvchilar “alkogol” yoki ochiq zo‘ravonlik mavzulari kabi kattalarga mo‘ljallangan so‘rovlar bo‘yicha kontent topa olmaydi.

Yoshga mos kelmaydigan javoblar berilishini oldini olish uchun ushbu filtrlarni Meta AI faoliyatiga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Meta’ning ma’lum qilishicha, cheklovlar filmlarning yosh reytingi tizimiga o‘xshash tarzda joriy etilmoqda. Avstraliya kabi ayrim mamlakatlarda sozlamalar mahalliy yosh cheklovlariga muvofiq moslashtiriladi.

Shuningdek, kompaniya bir ko‘rish seansida o‘smirlarni bir turdagi kontent bilan “haddan ortiq yuklash"ni cheklaydigan qo‘shimcha funksiyalarni ham sinovdan o‘tkazmoqda.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, yangilanishlardan maqsad raqamli muhitda o‘smirlar xavfsizligini oshirish hamda ota-onalarga farzandlari ko‘radigan kontent ustidan nazoratni kuchaytirish uchun ko‘proq vositalar taqdim etishdan iborat.


Avvalroq Meta AI chat-boti xakerlarga Instagram akkauntlariga kirishga yordam bergani haqida xabar berilgandi.

Xakerlar sun’iy intellekt yordamchisini aldab, akkaunt pochtasini o‘zgartirishga erishgan. Bot esa shaxsni tekshirmasdan kodni yangi pochtaga yuborgan.