Toshkent hokimligi poytaxtning 12 ta tumanidan 10 tasi hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvini o‘tkazadi. Bu haqdagi qaror hokim Shavkat Umurzakov tomonidan imzolanib, E-qaror portalida e’lon qilindi.

Xizmat tekshiruviga 22-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan hokimlikka kiritilgan taqdimnoma asos bo‘lgan.

Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi quyidagi tuman hokimlariga nisbatan o‘tkaziladi:

  • Olmazor tumani hokimi Qudratilla To‘laganov;
  • Bektemir tumani hokimi Nurillo Abdurahmonov;
  • Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfiddinov;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Bahodir G‘oyibnazarov;
  • Sergeli tumani hokimi Davron Ismatov;
  • Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamadjanov;
  • Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xalxo‘jayev;
  • Shayxontohur tumani hokimi Bobur Abubakirov;
  • Yunusobod tumani hokimi Abrorxo‘ja Saidaliyev;
  • Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov.

Xizmat tekshiruvini besh kishidan iborat komissiya o‘tkazadi. Unga Toshkent shahar hokimligining komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati boshlig‘i Shuxrat Turdikulov rahbarlik qiladi.

Komissiya tarkibiga, shuningdek:

  • Toshkent shahar hokimi apparati rahbari Shaxrux Mamadjanov;
  • hokimlikning tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Xondamir Turgunov;
  • yuridik boshqarma boshlig‘i Mahkam Vohidov;
  • hokimlikning murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Nigora Sabitova kiradi.

Komissiyaga “xolis va sifatli xizmat tekshiruvi o‘tkazish” va uning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalarni rasmiylashtirish topshirildi. Zaruratga ko‘ra tegishli davlat organlari mutaxassislarini tergovga jalb etishga ruxsat beriladi.


Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva Toshkent dizayn-kodiga e’tiroz bildirgani haqida yozgandi.

Prezident Administratsiyasi rahbari poytaxt hokimligiga dizayn-kodni qayta ko‘rib chiqishni topshirib, “archa bayram” qilib yubormaslikka chaqirdi.