Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi hamda faoliyatining asosiy yo‘nalishlari konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi prezident tomonidan shakllantiriladi. Unga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Prezident Administratsiyasi rahbari boshchilik qiladi.
Shuningdek, hujjatda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilmasi, faoliyatini tashkil etish tartibi, davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari, shuningdek mansabdor shaxslar hamda xodimlar faoliyatining kafolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasida Prezident Administratsiyasining davlat organlari va tashkilotlaridagi komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan hamkorligi ham nazarda tutilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hujjat Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta‘minlash mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Spot, avvalroq, Qonunchilik palatasi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida yozgandi.