Qonunchilik palatasi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Qonun loyihasi bilan aholi va investorlar uchun bir qator yangi moliyaviy vositalarni muomalaga kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, ular qatoridan sukuk (islom obligatsiyalari), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan hamda sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar o‘rin olgan.

Shuningdek, investorlar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, bozor infratuzilmasi faoliyatini tartibga solish hamda kapital bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Muhokamalarda deputatlar investorlarni jalb qilish, korporativ boshqaruv sifatini oshirish va kompaniyalar tomonidan axborotlarni oshkor etish talablarini kuchaytirishga qaratilgan normalarga e‘tibor qaratdi.

Bundan tashqari, bozor regulyatori vakolatlarini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) tamoyillariga muvofiqlashtirish, shuningdek, Markaziy depozitariy va reyting agentliklari faoliyatini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Iyun oyida prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston suveren islom obligatsiyalarini chiqarishni boshlashi haqida aytgan edi.

Keyinroq davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kapital bozorini isloh qilish uchun 10 dan ortiq qonun va kodeksga o‘zgartirish kiritilishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda ipoteka obligatsiyalari bilan birinchi birja bitimi tuzilgani haqida yozgandi.