Avvalroq Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

Prezident ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish lozimligini taʼkidladi.

O‘zbekiston yangi avlod moliya texnologiyalari va sarmoya bozorlarini rivojlantirmoqda. O‘tgan davrda xalqaro bozorlarda $16 mlrddan ziyod obligatsiyalar joylashtirildi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi korporativ yevro-obligatsiyalar ham aylanmaga kiritildi.

Ilk bor 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30% aksiyalari Toshkent va London fond birjasiga chiqarildi. Bu London birjasining oxirgi besh yildagi eng yirik IPOsiga aylandi.

Shu bilan birga, qator yirik kompaniyalarni ham IPOga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bu kabi islohotlarning huquqiy negizini mustahkamlash uchun “Kapital bozori to‘g‘risida"gi va “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilinadi.

Prezident O‘zbekistonda xalqaro kliring kompaniyalarning faoliyatiga ham keng imkoniyatlar ochilishini ta‘kidladi.

Bundan tashqari, investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish uchun suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturini amalga oshirish boshlanadi.

Bular korxonalarga kelgusida kamida $10 mlrd qo‘shimcha kapital olib kelish uchun katta turtki beradi.

Shuningdek, xususiylashtirish doirasida shu yil $6 mlrdlik ko‘chmas mulk, korxonalardagi davlat ulushi va yer uchastkalari auksionga chiqariladi.

Davlat rahbari mahalliy va xorijiy investorlarni bunday yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga chorladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston investorlarga 50 yillik soliq imtiyozlari va xalqaro huquqiy himoya taklif qilayotgani haqida yozgandi.