Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan oyda London va Toshkent fond birjalarida Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari birlamchi ommaviy joylashtirildi.
Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar o‘z obligatsiyalarini milliy valyutada mahalliy fond bozorida chiqarishga qiziqish bildirmoqda.
Buning uchun zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, soliq imtiyozlari, eng muhimi, biznes yuritishning ishonchli va shaffof muhitini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Shu bois, xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat ushbu hujjat kapital bozorini zamonaviy bozor normalari asosida tartibga solish, investorlar huquqini himoya qilish, bozor infratuzilmasini mustahkamlash va yangi moliyaviy vositalarni joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasida xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilmoqda. Xususan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq, mamlakatimizda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, netting shartnomasi asosida bitimlar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Banklar tomonidan garov bilan qoplangan obligatsiyalar va ipoteka kreditlari majburiyatlari asosida maxsus obligatsiyalar chiqarishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Bu banklar uchun uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, ipoteka bozorini rivojlantirish va aholi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Islom moliyasi vositalarini joriy etishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Mamlakatda ilk bor sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi turlarini o‘z ichiga olgan “sukuk” qimmatli qog‘ozlarini chiqarish shartlari belgilanmoqda.
Taqdimotda qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari kengaytirilib, unga dividendlarni markazlashgan holda to‘lash, xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlari ochish huquqi berilmoqda.



Shuningdek, moliyaviy tashkilotlar tomonidan mijozlarning qimmatli qog‘ozlarini saqlash, hisobini yuritish va ular bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha professional xizmatlar joriy etiladi.
Chet ellik nominal saqlovchilar uchun mahalliy bozorga kirish tartibini soddalashtirish orqali xorijiy institutsional investorlarni jalb qilish imkoniyatlari kengayadi.
Regulyator vakolatlarini xalqaro talablar va standartlarga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilmoqda. Bu bozor ishtirokchilari faoliyatini samarali nazorat qilish, axborot oshkoraligini taʼminlash, qonunchilik buzilishi holatlariga tezkor munosabat bildirish va investorlar huquqini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Milliy korxonalar aksiyalarini xalqaro moliya bozorlariga joylashtirish va investorlarning aktivlarini ishonchli himoya qilish maqsadida 10 dan ziyod qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Prezident kapital bozori iqtisodiyotga uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, korxonalarni transformatsiya qilish va xususiy investitsiyalar oqimini kengaytirishda muhim manba ekanini taʼkidladi.
Mutasaddilarga yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston suveren islom obligatsiyalarini chiqarishni boshlashi haqida aytgandi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank islom moliyasi bo‘yicha 7 ta standartni qabul qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.


