O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari mamlakat ichida ochiq savdolar boshlanganidan so‘ng keskin qimmatlashdi. Bu haqda Kap Depo investitsiya kompaniyasi xabar berdi.

Toshkent fond birjasida fondning qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalar 18-may kuni soat 10:00 da boshlandi. Dastlabki bir yarim soat ichida bitta aksiyaning narxi 6 so‘mga yetdi, bu chakana investorlar uchun joylashtirish narxiga (4 so‘m 41 tiyin) nisbatan 37,2% ga yuqoridir.

Taxminan soat 12:00 da UzNIF kotirovkalari 7,5 so‘mgacha ko‘tarilib, boshlang‘ich darajaga nisbatan 70% dan ortiq o‘sishni ko‘rsatdi. Biroq soat 12:25 ga kelib aksiyalar narxi yana 6 so‘m darajasigacha qaytdi.

13-may kuni fondning global depozitar tilxatlar (GDR) bilan dastlabki savdolar boshlangan London fond birjasida ularning narxi uch kun ichida 10% ga — $25 dan $27,5 gacha ko‘tarildi. Asosiy savdolar 18-may kuni birja ochilishi bilan boshlanadi.

Kap Depo asoschisi Farrux Xodjayev UzNIFni joylashtirish bo‘yicha bergan izohida IPOni past likvidlik, korporativ boshqaruv xatarlari hamda O‘zbekistondagi davlat aktivlarini keyingi xususiylashtirish va restrukturizatsiya qilish jarayonlariga yuqori darajada bog‘liqlikni qabul qila oladigan investorlar uchun “qiziqarli, biroq yuqori xatarli investitsiya g‘oyasi” deb atagan edi.

Spot, avvalroq, IPO tahlili hamda Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarini sotib olish uchun ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnomani eʼlon qilgan edi.