O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining London fond birjasida sotilayotgan global depozitar tilxatlari (GDR) dastlabki savdo kunlarida sezilarli qimmatladi. Bu haqda birja maʼlumotlarida keltirildi.

15-may kuni savdolar yakunlariga ko‘ra, bitta GDR narxi $27,5 ni tashkil etdi. Bu IPO doirasida belgilangan $25lik narxdan 10% yuqori hisoblanadi. Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha umumiy aylanma $3,83 mlndan oshdi.

13-may — savdolarning birinchi kunida depozitar tilxat narxi $26 ga yetdi. 14-may kuni esa eng yuqori o‘sish surʼati qayd etildi — $27,2 gacha (+4,6%), deya xabar bermoqda O‘zbekiston 24.

UzNIF qimmatli qog‘ozlari bilan asosiy savdolar 18-may kuni London fond birjasida boshlanishi kutilmoqda. Shu kuni fond aksiyalari Toshkent Respublika fond birjasida ham muomalaga chiqariladi.

Fond aksiyalari va GDRlarni xarid qilish bo‘yicha arizalar qabuli 12-may kuni yakunlandi. Har bir aksiya 4,65 so‘mdan, O‘zbekistondagi chakana investorlar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan xaridlarda esa 4,41 so‘mdan taklif etildi. GDRlar narxi esa $25 qilib belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi IPO doirasida investorlarga jami 1,56 trln dona aksiya yoki aksiyadorlik kapitalidagi 31% ulushni taklif qildi. Aksiyalarning asosiy qismi xorijiy institutsional investorlar o‘rtasida GDR shaklida joylashtirildi. Toshkent birjasidagi chakana investorlar va boshqa xaridorlar esa qariyb 48 mlrd dona aksiya sotib oldi.

IPO davomida jalb etilgan mablag‘ $603,6 mlnni tashkil etdi. Fondning umumiy aksiyalari soni 5,05 trln donani tashkil etishini hisobga olganda, kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi $1,95 mlrdga baholanmoqda.

UzNIF aksiyalariga talab taklifdan to‘rt baravardan ko‘proq oshdi. IPOning yagona global koordinatori bo‘lgan Jefferies International Limited sotilgan GDRlarning 15%igacha bo‘lgan qo‘shimcha joylashtirish opsionini saqlab qoladi. Ushbu opsion London birjasida GDR savdolari boshlanganidan keyin 30 kun ichida to‘liq yoki qisman amalga oshirilishi mumkin.


29-aprel kuni UzNIF $1,95 mlrdgacha bo‘lgan IPO boshlanganini eʼlon qilgandi. Unga ko‘ra, vazirlik fond aksiyalarining qariyb 30%ini Toshkent va London birjalarida joylashtirishni rejalashtirgan.

6-may kuni Spot o‘z manbalariga tayanib, UzNIF IPOsi bo‘yicha buyurtmalar kitobi taklifdan uch baravardan ko‘proq oshganini xabar qilgandi. Manbalardan biriga ko‘ra, agar talab taklifdan oshib ketsa, 200 mln so‘mgacha ariza bergan chakana investorlarga ustuvor taqsimot berilishi rejalashtirilgan.

Shunda Bloomberg joylashtirish hajmiga talab taklifdan oshib ketganini xabar qildi. Undan avval esa BlackRock, Franklin Resources va Redwheel kabi yakor investorlar $300 mlnlik buyurtma bergani maʼlum bo‘lgandi.

2025-yil dekabr oyida Templeton Global Investments‘ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan Spot‘ga intervyusida UzNIF portfelidagi o‘zgarishlar, portfel kompaniyalari transformatsiyasi, O‘zsanoatqurilishbank‘ning portfelga qo‘shilishi hamda ikki tomonlama listingli IPO rejalari haqida gapirib bergandi.

Spot, avvalroq, IPO tahlili hamda Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarini sotib olish uchun ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnomani eʼlon qilgan edi.