Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) Centrum Best MRO kompaniyasiga samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishga ruxsat berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zaviatsiya mutaxassislari korxonani fuqaro havo transportiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun talablar va shartlarga muvofiqligini tekshirdi. Ular 2022-yil fevraldagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish to‘g‘risidagi nizomga ilova qilingan sertifikatlashtirish pasporti bilan belgilangan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Centrum Best MRO texnik xizmat ko‘rsatish tashkiloti sertifikatini oldi (UzCAA.145.008). Hujjat uch yil davomida — 2029-yil maygacha amal qiladi.
Kompaniya Airbus va Boeing samolyotlarida g‘ildiraklar, tormoz tizimlari va akkumulyator batareyalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini mustaqil bajarish huquqini oldi.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Centrum Best MRO 2026-yil yanvar oyida havo kemalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Korxonaning ustav fondi 20 mlrd so‘mni tashkil etadi.
75% ulushga ega asosiy ta’sischi My Freighter (Centrum Air brendi) hisoblanadi. Yana 25%i 2020-yilda Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan va havo transporti sohasida faoliyat yurituvchi Simple Avia kompaniyasiga tegishli.
Simple Avia kompaniyasining asosiy ulushi egasi Ukraina fuqarosi Ruslan Hasanov hisoblanadi. Xuddi shunday ism va familiyaga ega bo‘lgan shaxs Centrum Best MRO rahbari lavozimini egallaydi.
Avvalroq Spot Centrum Air aviayoqilg‘i qimmatlashuvi sabab ayrim xalqaro reyslar narxini oshirayotgani haqida yozgandi.