O‘zbekistonliklar Qurbon hayiti munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishi kutilmoqda.

O‘tgan yili dekabrda qabul qilingan prezident farmonida (PF-257-son) qo‘shimcha dam olish kunlari tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, 28−29-may kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi. Haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun esa 30-may — shanba kuni ham dam olish kuni etib belgilangan.

Joriy yilgi Qurbon hayiti bayrami esa 27-may kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Shundan kelib chiqib ish haftasi turidan qat‘i nazar, o‘zbekistonliklar quyidagi kunlarda dam olishi mumkin:

  • 27-may, chorshanba — Qurbon hayiti;
  • 28-may, payshanba — qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 29-may, juma — qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 30-may, shanba — 6 kunlik ish haftasi uchun dam olish kuni;
  • 31-may, yakshanba — odatiy dam olish kuni.

Hozirda Qurbon hayitining aniq sanasi rasman tasdiqlanmagan.

Maʼlumot uchun, joriy yilgi Ramazon hayiti 20-mart kuni nishonlangandi. Unda 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar 4 kun, 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar esa 3 kun dam olgan edi.

Spot, avvalroq, ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr uchun kompensatsiya miqdori oshirilgani haqida yozgandi.