Avvalroq Spot 15-may kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-243-son) bilan 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etilishi haqida yozgan edi.

Hujjat bilan O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorlari ham oshirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga muvofiq, to‘lovlar quyidagicha ko‘tariladi:

  • elektr uchun — 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha iste’mol uchun);
  • gaz uchun — isitish mavsumida 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha);
  • boshqa mavsumlarda — 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga (150 kub metrga).

Kompensatsiya olish uchun mahalla ijtimoiy xodimiga, tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1140 Call-markaziga murojaat qilish mumkin.

Ehtiyojmand oilalarga har oyda iste’mol qilingan gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya to‘lovlari 2025-yilning 1-mayidan boshlab yo‘lga qo‘yilgan.

To‘lovlar reyestirga kiruvchi oilalarga beriladi. Bunda oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 715 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, ikki reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir a’zoga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalanishi mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi chorakda neft, gaz va ko‘mir qazib olish sezilarli darajada kamaygani haqida yozgan edi.