Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada undiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi ro‘yxatini tasdiqladi. Hujjat qo‘mita saytida e‘lon qilindi.
Yangilangan ro‘yxat 518 ta banddan iborat bo‘lib, o‘z ichiga meva, sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar, go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarining ko‘chatlarini oladi. Ularning 14 tasi aprel oyi oxirida qabul qilingan qarorga asosan qo‘shildi.
Bularga tirik baliq, yirik va mayda shoxli tirik mollar (sigirlar, buqalar, qo‘ylar, echkilar), otlar, cho‘chqalar, tuyalar, eshaklar, asalari paketlari, ipak qurti, shuningdek, kavrak ko‘chatlari va smolasi kiradi.
Dastlabki ro‘yxat Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan 2025-yil oxirida tasdiqlangan edi. Hujjatga ko‘ra, quyidagilar uchun QQS bekor qilingan:
- meva va rezavorlar (olma, nok, o‘rik, shaftoli, xurmo, qulupnay, malina, olcha, gilos, uzum, sitrus mevalar, marakuya va hokazo);
- sabzavotlar (piyoz, sabzi, karam, pomidor, bodring, qalampir, ko‘katlar va hokazo), shu jumladan quritilganlari;
- kartoshka;
- dukkakli mahsulotlar (mosh, loviya, no‘xat);
- donli ekinlar (bug‘doydan tashqari) va ularning urug‘lari;
- tarvuz, qovun, qovoq;
- barcha ziravorlar;
- yangi va muzlatilgan go‘sht;
- tuxum (tovuq, bedana va boshqa uy parrandalari tuxumlari);
- baliq va dengiz mahsulotlari (shu jumladan qisqichbaqa, qisqichbaqasimonlar va kalmarlar);
- sut va sut mahsulotlari;
- mevali daraxtlar va gullar ko‘chatlari.
Ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar hokimliklarining takliflari asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlar ham o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishi mumkin.
Fermer va dehqonlar o‘z mahsulotlarini sotganda QQS bekor qilinishi 2025-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda e‘lon qilingan edi. O‘shanda ta‘kidlanganidek, ushbu chora paxta va g‘alladan tashqari sotiladigan meva, sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan qo‘llanadi.
Shu bilan birga, urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr energiyasi va boshqa ishlab chiqarish xarajatlari uchun to‘langan QQSni qaytarish amaliyoti saqlanib qoladi. Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida har yili qo‘shimcha 300 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qoladi. Yana 400 mlrd so‘mni ular yangi imtiyoz orqali qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ma‘lum qilishicha, QQSning bekor qilinishi o‘zbekistonlik 48 ming nafar fermerning soliq yukini kamaytirish imkonini beradi. Shu tufayli rentabellik prognozlarga ko‘ra 5−7% ni tashkil etadi, boshqa imkoniyatlarni hisobga olganda esa 15% ga yetishi mumkin.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov qishloq xo‘jaligida yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori — 45% dan ortiq ekanini ta‘kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, QQSning bekor qilinishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti o‘sishiga turtki berishi kerak.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov islohotga shubha bilan qarab, chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun soliq saqlanib qolgan holda faqat fermerlar uchun QQSning nol stavkasi xaridorlar uchun narxlarning pasayishiga olib kelmasligi, hatto ularning o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan. U yechim sifatida barcha oziq-ovqat mahsulotlari uchun soliq stavkalarini bekor qilish yoki pasaytirishni taklif qilgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kafe va restoranlar uchun QQSni qaytarish soddalashtirilishi haqida yozgandi.