Nodir Iskandarov 2000-yilda Xorazm viloyati, Shovot tumanida tug‘ilgan. 2023-yilda Urganch davlat universitetining iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini tamomlagan.

Hozirda u Italiyaning Padova universitetida buxgalteriya hisobi, moliya va biznes konsalting yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

U Spot’ga Italiyada o‘qishning moliyaviy afzalliklari, ta’lim tizimidagi farqlar hamda o‘zining mentorlik dasturi haqida batafsil gapirib berdi.


Moliya va biznesga qiziqish qanday boshlangan?

Hammaning o‘z yo‘li bor, meniki esa matematika va ingliz tiliga bo‘lgan kuchli poydevordan boshlangan. Maktab davridanoq bu fanlarni yaxshi o‘zlashtirganim sababli, bakalavrda iqtisodiyot yo‘nalishini tanladim.

Lekin haqiqiy qiziqish universitet davrida, til bilimimni IELTS 7 darajasiga ko‘targanimdan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘shanda o‘quv markazimizga keladigan xorijlik mutaxassislarga biznes sohasi bo‘yicha tarjimonlik qila boshladim.

Shunchaki, so‘zlarni tarjima qilmasdim, balki chet ellik professorlarning murakkab biznes ma’ruzalarini talabalarga sodda tilda tushuntirib berardim.

Foto: Nodir Iskandarovning shaxsiy arxividan

Bu jarayon juda yoqib qoldi: ham zavqli, ham foydali edi. Dars jarayonida xorijlik o‘qituvchilar salohiyatimni ko‘rib: “Senda qobiliyat bor, albatta magistraturani chet elda o‘qishing kerak”, deb maslahat berishgan. Aynan mana shu turtki moliya sohasini xalqaro darajada o‘rganish ishtiyoqini uyg‘otgan.

Shu sabab, magistratura uchun dunyoning top-300 taligiga kiruvchi 20 ta universitetga hujjat topshirib, ulardan 5 tasidan qabul xati oldim: Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Italiyaning ikki nufuzli oliygohi — Sapienza va Padova.

Ularda orasindan Italiyaning Padova universitetini tanladim.

Nega aynan Italiya?

Yevropada o‘qishni rejalashtirganimda, Italiya men uchun eng maqbul variant bo‘lib chiqdi. Buning asosiy sababi boshqa davlatlar bermaydigan iqtisodiy imkoniyatlardir. Ko‘pgina mamlakatlarda shartnoma to‘lovidan ozod qilinishingiz mumkin, biroq yashash xarajatlaringiz uchun mablag‘ ajratilmaydi.

Italiyada esa tizim talaba uchun qulay: siz nafaqat bepul ta’lim olasiz, balki iqtisodiy holatingizdan kelib chiqib, yiliga 8 000 yevrogacha stipendiya olishingiz ham mumkin. Bu mablag‘ o‘qish va yangi muhitga moslashish uchun katta yordam beradi.

Menda dunyoning turli nuqtalaridagi 5 ta nufuzli oliygohdan qabul xati bor edi, biroq tanlovimda aynan Padova universiteti g‘olib chiqdi. Bunga bir qancha muhim omillar sabab bo‘ldi. Birinchidan, bu yerda bank va moliya yo‘nalishi juda kuchli va dasturlar sifatli. Hozirda ushbu dasturda o‘qish bilan birga, universitetning rasmiy elchisi sifatida ham faoliyat yuritaman.

Foto: Nodir Iskandarovning shaxsiy arxividan

Ikkinchidan, oliygoh xalqaro talabalarga yordam ko‘rsatish hujjatlar, turar joy bo‘yicha Italiyada eng yaxshi servisga ega hisoblanadi.

Uchinchidan, Padova haqiqiy talabalar shahri. Uning geografik joylashuvi shunchalik qulayki, poyezd orqali Italiyaning boshqa mashhur shaharlariga yoki qo‘shni Yevropa davlatlariga bir necha soat ichida yetib borish mumkin.

Grant va qabul jarayoni

Men Veneto mintaqasining (Regione Veneto) maxsus stipendiyasini yutib oldim. Bu grant nafaqat kontrakt to‘lovidan ozod qiladi, balki yashash xarajatlari uchun 8000 eurogacha miqdorda mablag‘ va bepul ovqatlanish imkoniyatini ham beradi.

Qabul jarayoni: hujjat topshirish boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda ancha sodda. Eng muhimi dedlaynni o‘tkazib yubormaslik. Padova universiteti uchun hujjatlarni odatda 2-fevralga qadar topshirish lozim.

Talab etiladigan hujjatlar:

  • CV (Rezyume): Yevropa standartidagi rezyume;
  • Motivatsion xat: maqsadlaringiz aniq yoritilgan insho;
  • IELTS sertifikati: ingliz tili darajasini tasdiqlovchi hujjat (kamida 6−7);
  • Diplom yoki ma’lumotnoma: agar bakalavrni tugatgan bo‘lsangiz diplom, aks holda kutilayotgan bitiruv sanasi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma.
  • Qo‘shimcha: GRE sertifikati va tavsiyanomalar (Recommendation letter) majburiy emas, lekin bo‘lsa, qabul qilinish imkoniyatingizni oshiradi.

Viza olish jarayoni

Italiya uchun viza olish jarayoni boshqa Shengen hududi davlatlari bilan deyarli bir xil, lekin moliyaviy talablar borasida sezilarli yengilliklar mavjud. Masalan, Germaniya kabi davlatlarda viza uchun bloklangan hisob raqami talab qilinsa, Italiyada bunga hojat yo‘q.

Shaxsiy bank kartangizda yetarli miqdorda mablag‘ borligini ko‘rsatuvchi bank ma’lumotnomasi taqdim etishning o‘zi kifoya. Bu esa talabalar uchun boshlang‘ich xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.

Italiya elchixonasi viza uchun odatda 14 ga yaqin hujjat so‘raydi. Shuni yodda tutish kerakki, elchixona har yili ushbu ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritishi qaysidir hujjatni olib tashlashi yoki yangisini qo‘shishi mumkin.

Asosiy hujjatlar to‘plamiga quyidagilar kiradi:

  • Fotosurat: 3×4 o‘lchamdagi, oq fondagi yaqin muddatda olingan surat.
  • Til sertifikati: ingliz tilida o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun IELTS/TOEFL, italyan tili yo‘nalishlari uchun esa tegishli darajadagi til sertifikati talab qilinadi.
  • Daromad ma’lumotnomalari: ota-onaning va agar talaba o‘zi ishlagan bo‘lsa, o‘zining oxirgi 12 oylik daromadi haqida ma’lumotnoma.
  • Mol-mulk guvohnomalari: nomingizda bo‘lgan ko‘chmas mulk uy, noturar joy yoki avtomobil bo‘lsa, ularning hujjatlarini ham ilova qilish tavsiya etiladi.
  • Mehnat faoliyati: ota-onaning ish joyidan ma’lumotnoma va mehnat daftarchasidan nusxa.

Ushbu hujjatlarning aksariyat qismini kadastr, daromad, mehnat daftarchasini masofaviy tarzda my.gov.uz portali orqali tez va oson olishingiz mumkin.

italiya, nodir iskandarov, veneto

Foto: Nodir Iskandarovning shaxsiy arxividan

Viza olish uchun barcha harakatlar Italiyaning Toshkentdagi elchixonasida amalga oshiriladi. Jarayon esa quyidagicha kechadi: birinchi navbatda siz Italiyadagi universitetga o‘qishga kirishingiz va universitaly portali orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tish jarayonini yakunlashingiz kerak.

Italiya Ta’lim vazirligi sizning arizangizni ko‘rib chiqib, Toshkentdagi elchixonaga: “Ushbu talaba bizga o‘qishga qabul qilindi, uni qabul qilishingiz mumkin”, degan mazmunda so‘rov yuboradi. Shundan so‘ng, elchixonadan sizga rasmiy xat keladi. Unda navbat olish kerakligi va viza uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarning o‘sha yilgi aniq va to‘liq ro‘yxati ko‘rsatiladi.

Belgilangan vaqtda barcha hujjatlar bilan elchixonaga boriladi. U yerda konsul bilan yuzma-yuz suhbat bo‘lib o‘tishi mumkin.

Hujjatlar ro‘yxati elchixona tomonidan yuborilgan xatda qanday bo‘lsa, aynan shunday tartibda yig‘ilishi shart. Har bir detalga e’tiborli bo‘lish viza olish imkoniyatingizni bir necha barobarga oshiradi.

Italiyadagi birinchi kun: kutilmagan sarguzashtlar va “til to‘sig‘i”

Italiyadagi ilk kunim kutilmagan voqealarga boy bo‘lgan. Samolyotim aeroportga ancha kech qo‘ngani sababli, meni kutib oladigan hech kim yo‘q edi. Eng yomoni, aeroportda SIM-karta sotadigan punktlar allaqachon yopilib ulgurgan ekan. Internetsiz shaharga chiqish xavfli bo‘lgani uchun, tonggacha aeroportda qolishga majbur bo‘ldim.

Tong otishi bilan SIM-karta olib, Google Maps yordamida Padovaga yo‘l oldim. Aeroportdan shahar markazigacha qariyb 40 km masofa edi. Padovaga yetib kelgach, yotoqxonaga borish uchun avtobusga mindim, lekin hayajondanmi yoki charchoqdanmi, teskari yo‘nalishdagi avtobusga o‘tirib qolibman.

To‘g‘riga ketish o‘rniga, butunlay boshqa tarafdagi chekka hududlarga borib qoldim. Oxiri haydovchi bilan qaytib keldik. U menga qayerda tushishim kerakligini italyancha tushuntirar, men esa ChatGPT yordamida nima deyayotganini tushunishga harakat qilardim. O‘shanda hayotimdagi birinchi katta “shok"ga duch keldim.

Men Yevropada hamma ingliz tilini biladi deb o‘ylagan edim, lekin Italiya bu borada mustasno ekan. Bu yerda hamma ham inglizchada gaplashmaydi. Ayniqsa, yoshi kattalar va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar faqat italyan tilida muloqot qilishadi. Yoshlar tushunishi va yordam berishi mumkin, lekin til bilmasdan yo‘qolib qolish hech gap emas.

Shu tarzda, biroz adashib bo‘lsa-da, manzilni topib, universitet yotoqxonasiga muvaffaqiyatli joylashib oldim. Bu tajriba menga birinchi kundan boshlab yangi muhitda moslashish va doimo zaxira rejasiga ega bo‘lish kerakligini o‘rgatdi.

Moslashish davri haqida

Moslashish davrida eng qiyin jihatlardan biri Italiyadagi tizimni tushunish bo‘lgan. Dastlab O‘zbekistondagidek do‘konlar tun-u kun ishlaydi, davlat tashkilotlari va universitet idoralari esa kechgacha ochiq bo‘ladi, deb o‘ylaganmiz. Lekin bu yerda ko‘plab do‘konlar kechki soat yettida yopilar ekan. Davlat idoralariga esa oldindan navbat olib borish kerak bo‘ladi. Avvaliga bu narsalarni bilmaganmiz, keyinchalik asta-sekin o‘rganib, moslashib ketganmiz.

Eng sinovli davr imtihon jarayonlari bo‘lgan, deb o‘ylayman. Chunki, bizdagi ta’lim tizimi bilan Italiyadagi tizim ancha farq qiladi. Boshida imtihonlarning qanday o‘tishi, savollarga qanday javob berish yoki taqdimotlarni qanday qilishni tushunish qiyin bo‘lgan.

italiya, nodir iskandarov, veneto

Foto: Nodir Iskandarovning shaxsiy arxividan

Ayrim imtihonlardan yiqilgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan bu tizimga moslashib, tajriba orttirib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘ta boshlaganmiz.

Nimalar hayron qoldirgan?

Italiyaliklar juda ochiqko‘ngil va hissiyotlarini yashirmaydigan xalq ekan. Ular doim kulib gaplashadi, odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishadi, bundan tashqari imo-ishoralar bilan juda ko‘p fikrini ifodalaydi.

Kelishimizdan oldin YouTubeda italiyaliklar qo‘li bilan ko‘p gapiradi, degan videolarni ko‘rganmiz, lekin bunga unchalik ishonmagandik. Keyin kelib ko‘rsak, haqiqatan ham ular imo-ishora va qo‘l harakatlari bilan juda ko‘p narsani tushuntirar ekan. Reaksiyalarini ham yashirmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatishadi va bu meni hayron qoldirgan jihatlardan biri bo‘lgan.

Bu yerda odamlar bilan chiqishib ketish esa insonning o‘ziga bog‘liq. Agar siz kirishuvchan bo‘lsangiz, birinchi bo‘lib gap boshlashdan uyalmaysiz va yordam so‘rashga tayyor bo‘lsangiz, ular ham yordam berishga harakat qiladi. Ingliz tilini mukammal bilmasligi mumkin, lekin baribir qo‘lidan kelgancha yordam beradi.

italiya, nodir iskandarov, veneto

Foto: Nodir Iskandarovning shaxsiy arxividan

Italiyaliklarning yana bir o‘ziga xos odati burun qoqish. Bu holat Yevropada ham ko‘p uchraydi. Ular hatto kutubxonada, ovqatlanayotganda yoki dars paytida ham bemalol ovoz chiqarib burun qoqishadi. Avvaliga bu biz uchun biroz g‘alati tuyulgan.

Umuman olganda, italyanlar tolerant xalq. Agar siz ularning qonun-qoidalariga hurmat bilan yondashsangiz va italyan tilini o‘rganishga harakat qilsangiz, sizni tez qabul qilishadi. Ammo ularning madaniyatiga hurmatsizlik qilishsa, bunga jiddiy qarashadi. Masalan, pastani sindirish ular uchun madaniyatga hurmatsizlikdek qabul qilinadi. Bu xuddi bizda oshni sanchqi bilan yegandek holat.

Ta’lim tizimi

Italiyaga kelganimda duch kelgan eng katta qiyinchilik bu “akademik shok” bo‘ldi. O‘zbekistonda, xususan bank sohasidagi amaliyotim davomida o‘rgangan buxgalteriya hisobi standartlari bilan bu yerdagi Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari o‘rtasida farqlar bor edi. Dastlabki darslarda terminlar va yondashuvlarni tushunishda biroz qiynaldim.

Lekin bu qiyinchiliklar meni o‘z ustimda ishlashga undadi. Natijada, yaqinda Garvard keys chempionatida ishtirok etgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldim. Jamoamiz bilan “Ferrari” va “Pirelli” kompaniyalarining birlashuvi bo‘yicha moliyaviy model tuzib, bozor tahlilini amalga oshirdik.

Bu musobaqada yuqori aniqlikdagi baholash va strategik modellashtirish bo‘yicha dunyo bo‘yicha eng kuchli 6% ishtirokchilar qatoriga kirdik.

Italiyada yashash xarajatlari

Italiyada yashash xarajatlari asosan aviachipta, hujjatlar, aloqa, sug‘urta, turar joy va oziq-ovqatdan iborat bo‘ladi. Aviachipta narxi odatda $350 dan $750 gacha chiqadi.

Yashash ruxsatnomasi uchun taxminan 130 yevro va qo‘shimcha pochta xarajatlari to‘lanadi. Sim karta oylik to‘lovi o‘rtacha 7−8 yevro atrofida. Milliy sog‘liqni saqlash tizimi sug‘urtasi esa yiliga taxminan 150 yevro turadi.

Turar joy narxlari shaharga va xonaga qarab farq qiladi. Masalan, Paduada bir kishilik xona uchun oyiga 300 yevrodan 600−700 yevrogacha to‘lash mumkin. Ikki kishilik xonalar esa odatda 250−300 yevro atrofida bo‘ladi. Oziq-ovqat xarajatlari esa agar o‘zingiz ovqat tayyorlasangiz, oyiga o‘rtacha 80−160 yevro atrofida chiqadi.

Talabalarga ishlash mumkinmi?

Italiya qonunchiligiga ko‘ra, talaba vizasiga ega bo‘lgan shaxslar haftasiga 20 soatgacha rasmiy ishlash huquqiga ega. Bu ko‘pincha xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishlar ofitsiantlik, kurerlik bo‘lishi mumkin. Biroq, agar sizda yetarli til bilimi va ko‘nikmalar bo‘lsa, o‘z sohangiz bo‘yicha ham ishlashingiz taqiqlanmagan.

Italiya tizimining eng afzallik tomonlaridan biri stajirovka dasturlaridir. Stajirovka qonunan “o‘qishning davomi” hisoblangani uchun haftasiga 40 soat ishlashga ruxsat beriladi. Bu rasmiy mehnat shartnomasi emas, balki “ish o‘rganuvchi” sifatida rasmiylashtiriladi.

Bu esa talabaga o‘z sohasida to‘liq bandlik bilan tajriba orttirish hamda tegishli haq olish imkonini beradi. Masalan, men hozirda MFR xalqaro kompaniyasida kichik moliyaviy tahlilchi sifatida stajirovka o‘tamoqdaman.

Hozirgi vazifalarimga kredit risklarini baholash, Excel va Power BI vositalari yordamida moliyaviy hisobotlarni avtomatlashtirish kiradi. Bu nafaqat nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, balki Yevropa standartlari asosida ishlaydigan xalqaro jamoa muhitini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Italiyada talabalar uchun ish qidirishning eng samarali yo‘li universitetlarning ichki resurslaridan foydalanish hisoblanadi. Deyarli har bir universitetning o‘z maxsus ish portali mavjud.

Kompaniyalar aynan shu yerga talabalar uchun mo‘ljallangan vakansiyalarni joylashtiradilar. Men ham o‘z stajirovka o‘rnimni aynan universitetimizning mana shunday portali orqali topganman. Siz shunchaki o‘z rezyumeingizni tayyorlab, portal orqali qiziqtirgan kompaniyalarga yuborasiz.

Hozirda bo‘lajak talablarga yordam berish uchun “BridgePoint” mentorlik dasturini ham yo‘lga qo‘ganman.

Kelajakdagi talabalarga maslahatlar

Italiyada ta’lim olish bu shunchaki diplom emas, balki Yevropaning eng katta imkoniyatlar eshigi ochilishi demak. Agar siz ham shu yo‘lni tanlash arafasida bo‘lsangiz, maslahatim: qo‘rqmang va hoziroq harakatni boshlang.

Muvaffaqiyatga erishish uchun quyidagi uchta jihatga alohida e’tibor bering:

  • Vaqtni to‘g‘ri boshqaring: Italiyada viza va universitetga hujjat topshirish jarayonlari ko‘p vaqt talab qiladi. Shuning uchun hech qachon hujjatlarni oxirgi kunga taqamang.
  • Til — asosiy kalit: akademik bilim olish uchun ingliz tilini mukammal bilish shart, lekin Italiyada qulay yashash, mahalliy muhitga moslashish va nufuzli ish topish uchun italyan tili hayotingizni bir necha barobarga osonlashtiradi.
  • Muloqot: faqat darsliklar bilan cheklanib qolmang. Ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa LinkedIn platformasida faol bo‘ling. O‘z sohangiz mutaxassislari bilan aloqa o‘rnating bu sizga kutilmagan stajirovka va ish imkoniyatlarini taqdim etishi mumkin.

O‘z oldingizga yuqori maqsadlar qo‘ying va ularga erishishdan hech qachon to‘xtamang. Italiya salohiyatingizni kashf etishingiz uchun eng yaxshi maydon bo‘la bo‘lishi mumkin.