Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarning muammoli masalalarini hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Soliq qo‘mitasining Soliq solish metodologiyasi departamenti direktori Aziz Umirzaqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, biznesga ma’muriy yuklamani kamaytirish va ular uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berganini aytdi.
Xususan, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi soddalashtiriladi. Hozirda kafe va restoranlar naqd pulsiz to‘lovlarning tushumdagi ulushiga qarab, to‘langan QQSning 20%idan 40%igacha qismini qaytarib olishlari mumkin.
Masalan, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi 60% ga yetsa, muassasa QQSning 40%ini qaytarishi mumkin. Agar ko‘rsatkich 60% dan kam bo‘lsa, keshbek miqdori 20% gacha kamayadi.
“Prezident tashabbusi doirasida bu tartibni soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda. Endi har qanday umumiy ovqatlanish korxonasi, naqd va naqdsiz tushum ulushidan qat’i nazar, to‘langan QQSning 40%ini qaytarib oladi”, — dedi u.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda soliq qarzdorligi bo‘yicha penya miqdori asosiy qarzdan oshirilmasligi haqida yozgan edi.