Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarning muammoli masalalarini hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashdagi nizolarni bartaraf etish, penya miqdori asosiy qarzdan oshib ketmasligini belgilash taklif etildi.

Soliq qo‘mitasining Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismailov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident farmoni va qarorlari bilan berilgan soliq imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritilmaganligi sababli bir qator nizoli masalalar yuzaga kelayotganini qayd etdi. Taqdimotda buni bartaraf etish uchun kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vazifasi yuklatildi.

Muddatli bo‘lgan soliq imtiyozlarini qayta tiklab, Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar hisoblangan soliqlar va peniyalarni bekor qilgan holda 2026-yil uchun muddatli imtiyozlardan foydalanish me’yori belgilanmoqda.

“Tadbirkorlarning soliq qarzdorligi bo‘yicha penya summasi asosiy qarzdorlikdan yuqori bo‘lgan holatlar vujudga kelayotgan edi. Bu esa ularga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Soliq qarzdorligi bo‘yicha penya summasi asosiy soliq qarzdorligidan yuqori bo‘lmasligini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish kiritish belgilanmoqda. Bu ham o‘z navbatida tadbirkorlarga yengillik beradi”, — dedi Timur Ismailov.

Bundan tashqari, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallaridan foydalanish tartibini buzgan tadbirkorlar haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish tartibi ham o‘zgartiriladi. Unga ko‘ra, murojaatlarni cheklanmagan miqdorda yuborish mumkin, biroq mukofot puli oyiga faqat bir marotaba beriladi. Hozirda bunday qonunbuzarlik uchun 5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilib, mazkur holatlar haqida xabar bergan fuqarolar uning 20%i miqdorida rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi. Tizim avtomatik tarzda ishlaydi, bu esa sudlar qabul qilingan qarorni haqiqiy emas deb topsa, javobgarlik masalasini ochiq qoldiradi.

“Avtomatlashgan tartib bo‘lgani uchun [shaxsning] kimligini aniqlash qiyin bo‘layotgan edi. Shu nuqtayi nazardan, QQS bo‘yicha guvohnoma muddatini to‘xtatish bo‘yicha [qaror qabul qilish] vazifasi soliq organi rahbari va o‘rinbosariga yuklatilyapti. Bu birinchi navbatda mas’uliyatni oshiradi”, — deya xulosa qildi Timur Ismailov.

Avvalroq Spot nogiron bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etilishi haqida yozgan edi. 3−18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalarning 3 mln so‘mgacha oylik xarajatlari uchun daromad solig‘i bekor qilinadi.