Avvalroq 17-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, sohadagi qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari kengaytirilishi ma’lum qilindi. Joriy yil 1-iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ularning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, tazyiq va zo‘ravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.

Takliflarga ko‘ra, “Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “G‘amxo‘rlik” markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi.

U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-ma'naviy terapiyaga jalb qilish, “murabbiy kuzatuvida” mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, shaxsni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maqbul shaklda taqdim etish, ijtimoiy xizmat va kafolatlarni yagona Ijtimoiy reyestr asosida manzilli yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Kunduzgi parvarish xizmatlarini rivojlantirish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. 3−18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalarni har oylik 3 mln so‘mgacha xarajatlarini daromad solig‘idan, DXSH asosida nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni esa 2030-yilgacha soliqlardan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda 396 ta tadbirkor 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga bunday xizmatlarni ko‘rsatmoqda.

Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqini quyidagi toifalarga ham tatbiq etish taklif qilinmoqda:

  • I guruh nogironi bo‘lgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga;
  • 1941−1945-yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash uchun yangi mexanizmlarni joriy etish rejalashtirilgan. Ular alohida murojaatsiz, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olinib, ishga joylashtirish xizmatlari ko‘rsatiladi hamda natijalar bo‘yicha tezkor axborot almashish yo‘lga qo‘yiladi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning ayrim shakllariga qarshi kurashish sohasida ham qonunchilikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bolalar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida ma’muriy, takror sodir etilganda jinoiy javobgarlikni qo‘llash, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Bunday mahsulotlarni mamlakatga olib kirganlik, tayyorlaganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoki voyaga yetmaganlarni jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda va so‘roq qilishning aniq vaqt me’yorlari belgilanmoqda.

Taqdimotda Jizzax viloyatida “islohotlar shtabi” tomonidan mahallalarning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Davlat rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi mexanizm va takliflarni ma’qullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.

Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonga aksizni oshirish va foyda solig‘i imtiyozlarini bekor qilishni tavsiya qilgani haqida yozgan edi.