Avvalroq Spot Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi yakunlari bo‘yicha xodimlarning yakuniy bayonotini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

XVJ 2025-yil yakunlari bo‘yicha budjet taqchilligining dastlab rejalashtirilgan ko‘rsatkichga nisbatan kamayganini ijobiy baholadi hamda 2026-yilda inflyatsion bosimni jilovlash uchun budjet ijrosi davomida xarajatlarni oshirish holatlarini imkon qadar cheklashni tavsiya qildi.

Budjetda daromadlar, xususan, oltin narxlari bo‘yicha ehtiyotkor prognozlar belgilanganini hisobga olib, daromadlar reja ortig‘i bilan bajarilishi ehtimoli fonida xarajatlarni belgilangan darajadan oshirmaslik muhimligi qayd etildi. Aks holda, ichki talabning yuqoriligi, neft narxlarining oshishi va savdo yo‘llaridagi uzilishlar tufayli yuzaga kelgan inflyatsion bosim kuchayishi mumkin.

“Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ehtimoliy qo‘shimcha mablag‘ ajratishlarda umumiy subsidiyalar va narxlarni tartibga solishdan qochish lozim. Bunday choralar katta xarajat talab qiladi, bozorda buzilishlarga olib keladi va ularni bekor qilish qiyin. Buning o‘rniga, yordam choralarini vaqtinchalik va aniq maqsadli — ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga yo‘naltirish kerak”, — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, XVJ xarajatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan joriy islohotlarni, jumladan, ish haqi fondini ratsionalizatsiya qilish, davlat korxonalarini budjetdan qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich qisqartirish, davlat xaridlari sohasidagi islohotlar va aholining eng zaif guruhlarini himoya qilish zarurligini hisobga olgan holda ijtimoiy yordam dasturlarini birlashtirishni davom ettirishga chaqirdi.

2027-yil budjetidan boshlab, umumiy taqchillik bo‘yicha 3%lik maqsadga qo‘shimcha ravishda, mineral resurslardan tushadigan daromadlarni hisobdan chiqarib tashlagan holda nominal birlamchi taqchillik uchun yuqori chegarani belgilash tavsiya etildi. Bu o‘zgaruvchan daromadlarni boshqarish mexanizmini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Soliq siyosati

Tez o‘sib borayotgan aholining sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilma ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun daromadlarning o‘rta muddatli strategiyasini ilgari surishda keyingi taraqqiyotni ta’minlash juda muhimdir. Strategiyada soliq siyosati va soliq tushumlarini boshqarish chora-tadbirlarini muvozanatli uyg‘unlashtirish orqali 2020-yildan buyon kuzatilayotgan soliq tushumlarining YIMga nisbati pasayish tendensiyasini o‘zgartirish bo‘yicha yechimlarni taklif etish zarur.

“Xususan, soliq siyosati sohasida ayrim tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini oshirish, foyda solig‘i bo‘yicha eski va yangi soliq imtiyozlari — soliq ta’tillari va foyda solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan stavkalarni bosqichma-bosqich bekor qilish, shuningdek, foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish va qonunchilikda nazarda tutilmagan bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilishni bekor qilish zarur”, — deyiladi jamg‘arma xabarida.

XVJ ushbu chora-tadbirlarni daromadlarni boshqarish tizimini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlar bilan, jumladan, salohiyatni mustahkamlash sohasida XVJ ko‘magida tayyorlangan 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish strategiyasini va Bojxona xizmatini isloh qilish strategiyasini tasdiqlash va amalga oshirish orqali to‘ldirishni taklif etadi.

Shu bilan birga, soliq tushumlarining o‘sishini QQSni qaytarish bo‘yicha qarzdorlikning to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydigan tarzda ta’minlash va parallel ravishda mavjud qarzdorlikni, xususan, elektron hisobvaraq-fakturalar uchun xavflarni baholashning yangi tizimini joriy etish orqali bartaraf etish tavsiya etiladi, bu esa tekshirilgan arizalar bo‘yicha tezkor va avtomatik qoplashni ta’minlashga yordam beradi.

xvj, soliqlar, foyda solig'i, aksiz soliq, dxsh

Budjet xarajatlari

Ta’kidlanishicha, soliq-budjet institutlarini mustahkamlash xarajatlar samaradorligini oshirish, shuningdek, fiskal xatarlar va qarzni boshqarish sohasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Xodimlar yaqinda e’lon qilingan qarzni boshqarish strategiyasi va yillik qarz rejasini, davlat moliyasi statistikasi bo‘yicha xalqaro standartga muvofiq budjet statistikasini e’lon qilish yo‘lidagi taraqqiyotni, davlat korxonalari ustidan tavakkalchilikka asoslangan nazoratni kuchaytirishni va DXSH doirasidagi majburiyatlarni 2025-yildagi yuqori chegaradan sezilarli darajada past darajada cheklashni olqishladi.

Shu bilan birga, keyingi taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Xususan, g‘aznachilik jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirish budjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni o‘z vaqtida tekshirish va tuzish imkonini beradi, bu esa xarajatlarning samaradorligini baholashda ulardan foydalanishni osonlashtiradi.

Soliq xarajatlari bo‘yicha ma’lumotlarni budjet bilan birgalikda e’lon qilish ularning budjet uchun qiymati bo‘yicha shaffoflik darajasini oshirgan va ularni ratsionalizatsiya qilishga yordam bergan bo‘lar edi.

Fiskal xatarlarni kamaytirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar qatoriga loyihalarni baholash bo‘yicha mavjud salohiyatga yanada aniqroq muvofiqlashtirish maqsadida DXSH doirasidagi majburiyatlar bo‘yicha yillik yuqori chegarani qat’iylashtirish, DXSH shartnomalari qoidalarini standartlashtirish, Iqtisodiyot va moliya vazirligining DXSHni nazorat qilish bo‘yicha axborot bazasi va vakolatlarini mustahkamlash, shuningdek, davlat korxonalarining budjet hujjatlarida xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish tartibini takomillashtirish kiradi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi suv, yer qa’ridan foydalanish va aksiz soliqlari bo‘yicha hisobotni avtomatlashtirishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.