O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Xitoyning Spring Airlines aviakompaniyasi prezidenti va direktori Wang Wei bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida yangi avia yo‘nalishlar va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Muzokaralarda xitoylik sayyohlar orasida O‘zbekistonning turistik salohiyatini faol targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.

Shuningdek, Spring Travel platformasi orqali O‘zbekistonni korporativ mijozlar uchun yangi va jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida taklif qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, Spring Airlines kompaniyasining O‘zbekistonga aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar kelgusida Xitoy va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish, yangi avia yo‘nalishlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdi.

Kompaniya arzon narxli aviaqatnovlar modeli asosida faoliyat yuritib, onlayn chipta sotuvi, mehmonxona bron qilish, transfer va viza xizmatlarini ham taqdim etadi.

Spot, avvalroq, Oman Air Maskat va Toshkent o‘rtasidagi reyslar yo‘lga qo‘yiladigan sanani eʼlon qilgani haqida yozgandi.


Spring Airlines — 2004-yilda tashkil etilgan Xitoyning ilk xususiy loukosterlaridan biri hisoblanib, kompaniyada 10 mingdan ortiq odam xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Aviakompaniya Airbus A320 oilasiga mansub 130 dan ortiq samolyotlardan iborat parkka ega.

Xitoyning o‘zida 190 dan ortiq ichki yo‘nalishlarda, 50 dan ortiq xalqaro yo‘nalishlarda muntazam qatnovlarni amalga oshiradi.