Oman Air Maskat va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Maskat-Toshkent-Maskat yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar 2-iyundan boshlab amalga oshiriladi.
Parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, juma va shanba kunlari Boeing 737 rusumli samolyotlarda bajariladi.
“Oman Air‘ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi mamlakatimizning xalqaro aviaqatnovlarini rivojlantirish hamda Yaqin Sharq mamlakatlari bilan transport aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir”, — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, yangi yo‘nalish yo‘lovchilarga Maskat xalqaro aeroporti orqali Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Yevropa mamlakatlariga borish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2024-yil iyul oyidan O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy qildi. Ular 14 kun davomida sultonlikda erkin bo‘lishlari yoki aeroportda viza rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. May oyi oxirida Shavkat Mirziyoyevning O‘mon, shuningdek, Bahrayn va Quvayt fuqarolari uchun vizasiz rejimni 30 kungacha uzaytirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.
O‘sha yilning kuzida Centrum Air xususiy aviatashuvchisi Toshkentdan O‘monning Salala shahriga reysni yo‘lga qo‘ygan edi. Yo‘nalishga Airbus A321neo samolyoti xizmat ko‘rsatadi.
Aprel oyida O‘zaviatsiya Oman Air aviakompaniyasiga Maskat-Toshkent-Maskat yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edi. Tashuvchi yo‘nalishga Boeing 737 samolyotlarida xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning mart oyida 1-iyundan O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi aytilgandi.
Oman Air — Maskat xalqaro aeroportida joylashgan O‘mon Sultonligining milliy aviatashuvchisi hisoblanadi. Bugungi kunda British Airways va Qatar Airways kabi yetakchi aviakompaniyalarni o‘z ichiga olgan oneworld global aviatsiya alyansining a‘zosi sanaladi.
Spot, avvalroq, MASkargo Toshkent orqali muntazam yuk reyslarini yo‘lga qo‘ygani haqida yozgandi.