MASkargo aviakompaniyasi Toshkent orqali yuk reyslarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Malayziya yuk aviakompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida texnik qo‘nishni amalga oshirgan holda muntazam yuk reyslarini bajara boshladi.

Parvozlar Kuala-Lumpur-Toshkent-Amsterdam yo‘nalishi bo‘yicha va ortga Airbus A330 havo kemalarida haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi.

Toshkent aeroportidan havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va to‘xtab o‘tish uchun tranzit punkti sifatida foydalaniladi.

2023-yilning fevralida Malaysia Airlines aviakompaniyasi Kuala-Lumpurdan Toshkentga parvozlarni tiklashi aytilgandi. O‘sha yilning may oyida Malayziyaning Batik Air kompaniyasi Kuala-Lumpur-Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Toshkent aeroportida pasport nazoratidan tez o‘tish xizmati ishga tushgani haqida yozgandi.


Maʼlumot uchun, MASkargo — Malayziyaning Malaysia Airlines milliy aviakompaniyasining yuk bo‘linmasi hisoblanadi. Aviatashuvchi Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida joylashgan bo‘lib, dunyoning 100 dan ortiq shahriga yuk yetkazib beradi.