Toshkent xalqaro aeroportida pasport nazoratidan tez o‘tish imkonini beruvchi Fast Track xizmati ishga tushdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

7-may kuni xalqaro reyslar yo‘lovchilarining aeroport rasmiyatchiligini tezlashtirishga mo‘ljallangan xizmat taqdimoti o‘tkazildi.

Loyiha doirasida xalqaro aeroport terminalida HighPass raqamli ekotizimiga integratsiyalashgan avtomatlashtirilgan Fast Track geytlari o‘rnatildi. Kompaniya tizimning texnologik provayderi sifatida yo‘lovchilar va hamkorlar uchun raqamli integratsiya hamda ulanishni ta’minlagan.

Tizim orqali maxsus QR-koddan foydalanib, kelish va ketish paytida pasport nazoratidan alohida yo‘lak orqali o‘tish mumkin.

Xizmatdan bevosita HighPass servisi orqali, shuningdek, aviakompaniyalar va turoperatorlar saytlarida aviachipta hamda turistik paketlarni xarid qilish paytida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Kompaniya Toshkent aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu texnologiyani joriy etgan birinchi aeroport bo‘lganini qayd etdi.

Fast Track xizmati birinchi marta 2022-yilning may oyida xalqaro aeroportda paydo bo‘lgandi. Xizmatdan foydalanish uchun yo‘lovchi jo‘nab ketish terminalidagi ma’lumot burchagiga murojaat qilishi kerak.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airports Toshkent aeroporti oldidagi avtoturargohlarni 3 yilga ijaraga berishi haqida yozgan edi.