“Toshkent” xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida yangi “Fast Track” xizmati ishga tushirildi.

Xizmat yo‘lovchilarga reysga ro‘yxatdan o‘tish, bojxona va pasport nazorati, shuningdek, parvoz oldidan tekshiruvlardan navbatsiz o‘tish imkonini beradi.

“Fast Track” xizmatidan foydalanish uchun yo’lovchi jo’nash terminalidagi ma’lumot burchagiga murojaat qilishi kerak. To‘lov amalga oshirilganidan so’ng aeroport xodimi yo‘lovchini maxsus “koridor” bo‘ylab “steril” zonagacha kuzatib boradi va u yerdan yo‘lovchi mustaqil ravishda bortga chiqadi.

“Fast Track” xizmatining narxi 170 000 so‘m. Shuningdek, oila a’zolari bilan uchayotgan yo’lovchilar uchun “Oilaviy” paketi mavjud.

To’lovlar milliy valyutada naqd pulda yoki Uzcard, Humo, Visa, Mastercard va boshqalar orqali bank o‘tkazmasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, Toshkent aeroportidan uchayotgan yo‘lovchilar “Fast Track” xizmati bilan bir qatorda jo‘nab ketish terminalining steril hududida joylashgan “ANOR” biznes komfort zalida kutish xizmatini ham xarid qilishlari mumkin.