O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ostona shahrida 29-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev huzurida Investitsiya va savdo sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatni O‘zbekiston nomidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Qozog‘iston tomonidan esa Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin imzoladi.
“Yo‘l xaritasi"da avtomobilsozlik, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, farmatsevtika, logistika, qurilish materiallari, uy-joy qurilishi, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.



Joriy yilning aprel oyida ikki davlat rahbarlarining Buxorodagi uchrashuvida kimyo, energetika, geologiya sohalaridagi, avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlardagi bir qator tashabbuslar muhokama qilingan edi. Asosiy mavzulardan biri yirik mintaqaviy loyihalarni, jumladan, Qambarota GESi qurilishi va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni jadallashtirish bo‘lgan.
Shuningdek, transport-logistika aloqadorligini rivojlantirish ham ustuvor masalalar qatoridan o‘rin olgandi. Tomonlar chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish, muammoli nuqtalarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta‘minlaydigan samarali transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ta‘kidladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va chegara hududlarida “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Toqayev Mirziyoyevning atmosfera havosini muhofaza qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uning Qozog‘iston shaharlari uchun dolzarbligini qayd etdi.
Jumangarin “infratuzilmadagi muammoli nuqtalar"ni hal qilish uchun mamlakatlar o‘rtasidagi avtomobil va temiryo‘l chegara o‘tkazish punktlari kengaytirilishini ma‘lum qilgan. Sentabr oyida har kuni 70 ming kishini va 2000 dan ortiq yengil avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladigan Jibek Joli (G‘ishtko‘prik) o‘tkazish punktining ochilishi kutilmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkent Xitoy kompaniyalari bilan $3,5 mlrdlik investitsiya va eksport shartnomalarini imzolagani haqida yozgandi.


