Toshkent delegatsiyasi Sian shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumida umumiy qiymati $3,5 mlrddan ortiq bo‘lgan qator kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlar xitoylik hamkorlar bilan shahar infratuzilmasi, transport, qurilish, ekologiya va sanoat sohalaridagi tashabbuslarni muhokama qildilar.
Jamoat joylari va transport tizimini rivojlantirish, avtoturargoh yechimlarini joriy etish va muhandislik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.
Loyihalarni moliyalashtirish byudjet mablag‘lari va davlat kafolatlaridan foydalanmasdan, Xitoy tomoni tomonidan EPC+F modeli bo‘yicha ta’minlanadi.
Hokimlik uzoq muddatli istiqbolda “shahar byudjetining yangi daromad manbalarini shakllantirish hisobiga” ishlarni bosqichma-bosqich to‘lashni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda infratuzilma va boshqa sohalarda jami 8 ta investitsiya shartnomasi imzolandi.
Xususan, Toshkent yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yangi avtobus yo‘laklari (BRT) va yo‘l o‘tkazgichlarini yaratish uchun $1 mlrd jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Yana $1 mlrd transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga, $500 mln renovatsiya hududlarida ko‘p qavatli turar-joy majmualarini qurishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, asosiy yo‘nalishlar qatoriga quyidagilar kirdi:
- drenaj tizimi, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini oqizishni yaxshilash ($400 mln);
- dekorativ tosh ishlab chiqarish ($150 mln);
- keramika mahsulotlari ishlab chiqarish ($150 mln);
- brendli “kecha-kunduz ko‘chalar"ni yaratish ($100 mln);
- chiqindilarni saralash uchun “aqlli” uskunalar ishlab chiqarish ($50 mln).
“Yangi avlod” sanoat zonasini rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jwise, Zhongke Honghu, CAS Cloud va UMGG kompaniyalari bilan $130 mlnlik hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Hujjatlar hududning ishlab chiqarish, texnologik va biznes infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishda zamonaviy yechimlarni joriy etishga qaratilgan. Kompaniyalar poytaxtdagi yuqori texnologik loyihalarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, forum doirasida O‘zbekiston zargarlik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha $150 mlnlik uchta shartnoma imzolandi. $5 mlnlik ip-kalava va $1 mlnlik kumush konsentrati yetkazib berish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot Samarqandda Xitoy bilan hamkorlikda “Ipak yo‘li” tematik bog‘i tashkil etilishi haqida yozgandi.